Xalqlarimiz, farzandlarimiz va nabiralarimiz tinchligi yo‘lida qo‘limizdan kelgan ishni qilamiz! - Prezident

Jamiyat

image

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning O‘zbekistonga davlat tashrifi munosabati bilan "O‘zbekiston" xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev ishtirok etib, nutq so‘zladilar. Quyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu tantanali marosimda so‘zlagan nutqi bilan tanishishingiz mumkin.


Hurmatli Qosim-Jomart Kemelevich!

Xonimlar va janoblar!

Assalomu alaykum, aziz mehmonlar!

Siz, azizlarni mehmondo‘st O‘zbekiston zaminida yana bir bor qutlaymiz.

Butun O‘zbekiston xalqi nomidan birodar Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Kemelovich Toqayevni mamlakatimizga ilk bor davlat tashrifi munosabati bilan chuqur mamnuniyat izhor etishga ruxsat bergaysiz.

Hurmatli Qosim-Jomart Kemelevich!

Aziz do‘stlar!

Xonimlar va janoblar!

Bugun sizlarni O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining tantanali ochilish marosimida qutlashdan mamnunman.

Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti, Elboshi, og‘am, muhtaram Nursulton Abishevich Nazarboyevning 2017 yil sentyabr oyida mamlakatimizga davlat tashrifi chog‘ida biz o‘tgan yili Qozog‘istonda O‘zbekiston yilini, bu yil esa yurtimizda Qozog‘iston yilini o‘tkazishga kelishib olgan edik.

Fursatdan foydalanib, ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi nomidan Nursulton Abishevichga mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan beqiyos hissasi, shuningdek, mamlakatingizda o‘tkazilgan ajoyib, yorqin va unutilmas O‘zbekiston yili tadbirlari uchun samimiy minnatdorlik izhor qilmoqchiman.

Bugun muhtaram Qosim-Jomart Kemelivich bilan birgalikda O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining ochilishi mamlakatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib, o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlash, birodarlik rishtalari uzviy mustahkamlanib borayotganidan dalolatdir.

Bu muhim voqelik, shuningdek, xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy va samimiy do‘stlik, madaniy va ma’naviy yakdillik ramzidir.

Qozog‘istonning Abay Qo‘nonboyev, Muxtor Avezov, Axmet Baytursunov, Ilyos Yesenberlin, O‘ljas Sulaymonov va boshqa ko‘plab atoqli madaniyat namoyandalari tinchlik va ezgulikni asrash, xalqlarimizga xos yuksak insoniy fazilatlarni tarannum etgan.

O‘zining jo‘shqin asarlari bilan ular ushbu ezgu qadriyatlarni hozirgi avlodga yetkazish, mamlakatlarimiz, xalqlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini kengaytirishga ulkan hissa qo‘shgan.

Shu munosabat bilan men hamkorligimiz kelajagiga katta nekbinlik bilan qaramoqdaman va O‘zbekistondagi Qozog‘iston yili tadbirlari ushbu ko‘p asrlik aloqalarni yanada mustahkamlashiga ishonchim komil.

Bugungi kunda Qozog‘iston butun dunyoga davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida, jumladan, zamonaviy raqobatbardosh iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi turmush darajasi va sifatini izchil oshirish bo‘yicha erishilgan salmoqli muvaffaqiyatlarini namoyon qilayotganini katta mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman.

Ishonchim komilki, mamlakatimizda Qozog‘iston yili tadbirlari nafaqat ushbu yo‘nalishdagi ishlar natijalarini namoyish qilish imkonini beradi, balki mamlakatlarimiz san’ati, ilm-fani, ta’limi, biznesi vakillari o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish, bilim va yutuqlarni almashish uchun yangi ufqlar ochib beradi.

Bularning barchasi madaniyatlarni boyitish, xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Yurtimizda yaqinda o‘tkazilgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivalida qozog‘istonlik Uljan Baybusinova Gran-priga sazovor bo‘lgani ham quvonarli hol.

Barcha qozog‘istonlik do‘stlarimizni samimiy qutlayman!

Aziz do‘stlar!

O‘ylaymanki, O‘zbekistonda Qozog‘iston yili qardosh mamlakat san’at ustalarining katta konsert dasturi – ko‘pmillatli Qozog‘istonning yorqin va serqirra namoyishi bilan boshlanishida ramziy ma’no mujassam.

Darhaqiqat, she’riyat, musiqa va qo‘shiq xalqlarning eng pok va go‘zal orzu-umidlari, ezgu intilishlarini ifoda etadi.

Shu munosabat bilan qozog‘istonlik do‘stlarimiz, barcha ishtirokchilarga ushbu bayram konsertini tashkil qilganliklari uchun samimiy minnatdorlik izhor qilmoqchiman.

Hurmatli do‘stlar!

Qozoq xalq maqolida aytilganidek: “Tuы-sы ja-qыn – ja-qыn yemes, qo‘nы-sы ja-qыn – ja-qыn”.

Biz qardosh Qozog‘iston bilan yo‘lga qo‘yilgan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini qadrlaymiz va eng yaqin qo‘shnimiz bilan muloqot hamda ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga intilamiz.

Biz bir-birimizga hamisha yelkadosh bo‘lib kelganmiz, xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashganmiz, bugun esa umumiy yorqin kelajagimizni ham birga qurmoqdamiz.

O‘ylaymanki, ulug‘ bobokalonlarimiz Alisher Navoiy va Abay Qo‘nonboyevlarning muqaddas ruhi bizni bu yo‘lda qo‘llab-quvvatlaydi.

Biz xalqlarimiz, farzandlarimiz va nabiralarimiz tinchligi va farovonligi yo‘lida qo‘limizdan kelgan barcha ishlarni qilamiz!

Hurmatli Qosim-Jomart Kemelevich!

Muhtaram qozog‘istonlik do‘stlar!

Bugungi kun o‘zbek-qozoq munosabatlarida yangi, tarixiy sana sifatida xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik aloqalarini rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi, deb ishonaman.

Yana bir bor O‘zbekistonga xush kelibsiz!

E’tiboringiz uchun rahmat!


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

3

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing