Xalqaro terrorizm indeksi e’lon qilindi. O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?
Olam
−
10 mart
12085Iqtisodiyot va tinchlik instituti (IEP) har yili e’lon qiladigan “Global terrorizm indeksi – 2025” ( Global Terrorism Index ) reytingida O‘zbekiston 90-o‘rinni egalladi va “terrorchilik ta’siri juda past” deb baholangan davlatlar qatoriga kiritildi. Bu haqda IEP hisobotida keltirilgan.
“Global terrorizm indeksi” – bu 163 ta davlatda terrorizm oqibatlarini tahlil qiluvchi keng qamrovli tadqiqot bo‘lib, u dunyo aholisining 99,7 foizini qamrab oladi.
Ushbu indeks mamlakatdagi terroristik faollik darajasini hujumlar soni, qurbonlar va jabrlanuvchilar miqdori hamda yetkazilgan moddiy zarar asosida baholaydi. Reytingda qancha yuqori o‘rin egallansa, ushbu davlatda terrorizm xavfi shunchalik yuqori bo‘ladi.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida terrorchilik ta’siri eng past bo‘lgan davlatlar qatoriga Qirg‘iziston bilan birga Qozog‘iston va Turkmaniston ham kiritilgan (100-o‘rin va nol ball). Shuningdek, O‘zbekiston 90-o‘rinni (0,233 ball), Tojikiston esa 70-o‘rinni (0,999 ball) egallagan.
MDH davlatlaridan Rossiya 16-o‘rinni egallab, “yuqori terrorchilik ta’siri” bo‘lgan davlatlar qatoriga kiritilgan. Belarus va Ozarbayjon 90-o‘rinni, Armaniston esa 79-o‘rinni egallagan.
Reytingning yuqori pog‘onalarida terrorizm tahdidi eng yuqori bo‘lgan davlatlar joy olgan. Mutaxassislar Burkina-Faso, Pokiston va Suriyani eng xavfli davlatlar deb atagan.
Umuman olganda, ekspertlar hisobotda terrorizm hanuz global tahdid bo‘lib qolayotganini ta’kidlagan. 2024 yil terrorizm tarqalish geografiyasi kengaygani sababli yangi chaqiriqlarga to‘la yil bo‘lgan. Hech bo‘lmaganda bir marta terrorchilik hodisasi yuz bergan davlatlar soni 58 tadan 66 tagacha oshgan. Bu 2018 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
2024 yilda yetti yil ichida ilk bor terrorchilik ta’siri kuchaygan davlatlar soni yaxshilangan davlatlardan oshib ketgan: 45 ta davlatda terrorizmning ta’siri ortgan, faqat 34 ta davlatda vaziyat yaxshilangan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2024 yilda 180 mamlakat o‘rin olgan “Transparency International” korrupsiyaga qarshi kurash tashkilotining “Korrupsiyani aniqlash” indeksida 121-o‘rinni egallagandi. Indeks natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 100 balldan 32 ball to‘plagan va Angola, Ekvador, Keniya, Shri-Lanka va Tobo kabi davlatlar bilan 121-o‘rinni qayd etgan. Solishtirish uchun, 2023 yilda O‘zbekiston ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha 33 ball olgan edi, biroq mamlakatlar o‘rtasida bu yilgidek 121-o‘rinda qayd etilgan.
LiveBarchasi
Trenddagilar

