Xalqaro musobaqalar g‘olib-sportchilarini OTMga bepul qabul qilamiz – Prezident
Jamiyat
−
05 Sentabr 2019
4711Sport turlari bo‘yicha xalqaro musobaqalar g‘oliblari O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalariga bepul qabul qilinadi. Bu haqda kecha, 4 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida so‘z borgan.
Davlat rahbari ushbu yig‘ilishda 2020 yil Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkaziladigan yozgi Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik qoniqarsiz ekanini alohida ta’kidlagan.
“Tokio Olimpiadasiga juda oz qoldi. Bizda bo‘lgan tahlil, tayyorgarlimiz umuman qoniqarsiz. Bu majlisdan xulosa qilib, har bir hudud, har bir tarmoq, har bir yo‘nalish bo‘yicha har bir federatsiya bo‘yicha alohida qaror qabul qilamiz. Har bir federatsiyaning o‘z bazasi bo‘lishi kerak. Albatta, federatsiyalarning hududlarda tayanch bazalari bo‘lmasa, biz aytgan natijalarga erishib bo‘lmaydi”, deydi Mirziyoyev.
Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida davom etarkan, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy Olimpiya qo‘mitasining taklifini qo‘llab-quvvatladi.
“Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ham Milliy Olimpiya qo‘mitasining qo‘shma tavsiyasi asosida har bir OTMga har yili 10 tadan 20 tagacha xalqaro musobaqa g‘oliblari bo‘lgan yoshlarni qo‘shimcha kvota bo‘yicha bepul o‘qishga qabul qilish tartibini joriy qilamiz.
Ular faqat sportchi bo‘lgani uchun, shu sport mahoratini yuqori darajada egallasa, Prezident qarori chiqadi, hamma oliygohda har yili qabul qilamiz. Futbol bo‘yicha, basketbol bo‘yicha, valeybol bo‘yicha, ot sporti bo‘yicha va hokazo, hamma oliygohlarda shunday bo‘ladi. Butun xalqimizga e’lon qilishimiz kerakki, sportni rivojlantirish strategik yo‘nalish. Bu bizning Olimpiya zaxiramiz bo‘ladi. Bu bolalar ertaga o‘zining mahoratini oshirib, motivatsiya bo‘ladi va natija mutlaqo boshqacha bo‘ladi”, degan Prezident.
Davlat rahbari mahalliy sport musobaqalari va Jahon chempionati, Osiyo Olimpiadasi Universiada o‘yinlari g‘olib-sportchilarining o‘qituvchi va murabbiylarining obro‘-e’tiborini ko‘tarish, ularga ilmiy darajalar berish masalasiga ham to‘xtalgan.
“Viloyat va shahar bosqichi g‘olib-sportchilarning o‘qituvchi va murabbiylariga katta o‘qituvchi, respublika bosqichi g‘olib-sportchilarning o‘qituvchi va murabbiylariga dotsent Jahon chempionati, Osiyo Olimpiadasi va Universiada o‘yinlari g‘olib-sportchilarining o‘qituvchi va murabbiylariga professor ilmiy unvonini berish lozim. Bu domlalar uchun motivatsiya”, deydi Prezident.
LiveBarchasi