Xalqaro islom akademiyasida imtihonlar yangicha tartibda o‘tadi

Jamiyat

image

Endilikda, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga talabalikka qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Bu haqda kecha, 5 iyun kuni qabul qilingan “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarorida so‘z boradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qabul qilish tartibi, hujjatlarni qabul qilish muddatlari, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari mutaxassisliklarining nomlari, qabul parametrlari to‘g‘risidagi ma’lumot Akademiyaning internetdagi rasmiy sayti va axborot stendlarida joylashtiriladi.

“Shuningdek, qaror bilan 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bakalavriatiga o‘qishga kirishga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun dastlabki imtihondan o‘tish tartibi joriy etiladi”, deyiladi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabarida.

Dastlabki imtihonni o‘tkazish jadvali Akademiya qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi va uni o‘tkazish boshlanishidan kamida 10 kun avval Akademiyaning internetdagi saytida joylashtiriladi.

Imtihon Akademiya negizida zarur texnik, tibbiy va boshqa sharoitlarni yaratgan holda o‘tkaziladi. Bino va auditoriyalar xavfsizlik talablari, jumladan, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga to‘liq javob berishi shart.

Shuningdek, dastlabki imtihon natijalari asosida abituriyentlarni kirish imtihonlarining keyingi bosqichlariga (kasbiy (ijodiy) imtihon va test sinovlari) o‘tkazish yoki o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilinadi.

Ta’kidlanishicha, karantinga oid choralar amal qilishi davrida Akademiyaning bakalavriatiga qabul qilish jarayonlari vakolatli organlarning karantinga oid hujjatlari talablaridan kelib chiqqan holda (masofaviy, elektron, onlayn va boshqa usullar orqali) amalga oshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Baholaganlar

344

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar