Xalqaro inson huquqlari tashkiloti Qozog‘istonga talab qo‘ydi
Olam
−
12 yanvar 2022
13454Xalqaro Amnesty International inson huquqlari tashkiloti Qozog‘iston hukumatini ommaviy norozilik namoyishlarini yoritgani uchun hibsga olingan jurnalist va faollarni ozod qilishga va ularning huquqlari hurmat qilinishini ta’minlashga chaqirdi. Shuningdek, inson huquqlari faollari so‘nggi yillarda Qozog‘istonni egallab olgan norozilik namoyishlari va zo‘ravonliklar to‘lqini bilan bog‘liq barcha hibslar haqida aniq ma’lumot berishni talab qilmoqda.
"Qozog‘istondagi zo‘ravonlik qurbonlarining aniq soni noma’lumligicha qolmoqda. Rasmiylar huquq-tartibot organlarining kamida 18 nafar xodimi halok bo‘lganini tasdiqladi, biroq tinch aholi orasidagi qurbonlarning soni hanuzgacha ochiqlanmadi”, deyiladi tashkilot saytida e’lon qilingan bayonotda.
Xalqaro Amnistiya tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Mari Strutersga ko‘ra, hokimiyatning tartibsizliklar qurbonlari soni va ularning o‘limi holatlari yuzasidan sukut saqlayotgani g‘oyat dahshatli. Tinch aholi orasidagi qurbonlar soni zudlik bilan oshkor etilishi kerak.
Shuningdek, Inson huquqlari tashkiloti Qozog‘iston rasmiylarini inson huquqlari buzilishi bilan bog‘liq barcha holatlar, jumladan, xavfsizlik kuchlari tomonidan halokatli kuch ishlatish holatlari bo‘yicha samarali va xolis tergov o‘tkazishga chaqirdi.
"Qozog‘istonda vaziyat tinchlangandek ko‘rinsa-da, inqiroz hali yakunlangani yo‘q. Endi mustaqil axborotga erkin kirishdan muhimroq narsa yo‘q", deydi Struters.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMTning Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi vakili Liz Trossel qozoq hukumatidan faqat tinch namoyishlarda qatnashgan fuqarolarni zudlik bilan ozod qilishni talab qilgandi.
Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda kecha, 11 yanvar holatiga ko‘ra, 10 mingdan ortiq odam hibsda saqlanmoqda.
LiveBarchasi