Xakerlar O‘zbekiston orqali Ukraina portaliga hujum qildi 

Olam

image

Ukrainada kecha, 15 fevral kuni banklar ortidan “Dіya” portaliga hujum uyushtirildi. Xakerlar mahalliy vaqt bilan soat 20:00 atrofida saytni buzib kirishga harakat qildi. Bu haqda Raqamli transformatsiyalar vaziri Mixail Fedorov ma’lum qilgan. 

“Taxminan soat 20:00 da banklar ortidan “Dіya” portaliga kuchli DDoS hujumi boshlandi, bu kutilgan edi”, deb yozadi Fedorov. 

Unga ko‘ra, hujum Rossiya va Xitoydan boshlangan. Portal mutaxassislari buni to‘xtatib qo‘ygan, lekin keyin hujum yana davom etgan — bu safar Chexiya va O‘zbekistondan. 

Fedorovning qayd etishicha, portalga sekundiga 600 ming paket zararli trafik kelib tushgan. 

“Keyin hujum yana “qaytarildi”, deya qo‘shimcha qilgan Fedorov. 

Monobank asoschisi Oleg Goroxovskiy, o‘z navbatida, Ddos hujumi deyarli barcha Ukraina banklarida turli natijalar bilan ketayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xakerlar Alfa-Bank va A-Bankga hujum qilishga uringan. Goroxovskiy agar “kuchli bo‘ronlar” bo‘lsa, “tashqi dunyo” vaqtincha o‘chirilishi va faqat Ukraina qolishi kerakligi haqida ogohlantirgan. 

Avvalroq, Ukrainadagi bir nechta banklar va Mudofaa vazirligi veb-saytlari xakerlik hujumiga uchragani haqida xabar bergandik.  

Ma’lumot o‘rnida, AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Rossiya istagan paytida Ukrainaga qarshi harbiy amaliyotlarni boshlashi va hujum turli shakllarda bo‘lishi mumkinligini aytgan.  

Qayd etish kerakki, Ukraina atrofidagi vaziyat kun sayin o‘zgarib bormoqda. AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden shaxsan o‘zi Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytdi. 30 dan ortiq davlatlar fuqarolaridan Ukrainaga bormaslikni so‘ramoqda. AQSH Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishni boshlagan.    

O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urush holatida emasligini va Ukraina bilan urush qilish niyatida emasligini aytmoqda. Vazir, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi “tashviqot kampaniyasi” boshlaganlikda ayblab, bunday harakatlar Kiyevni mamlakat sharqidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undashidan ogohlantirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina kiberhujum

Baholaganlar

450

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing