Keskin qadam: Zelenskiy Rossiyaga kuniga 1000 ta dron uchirishni buyurdi
Olam
−
04:34 522 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat mudofaa-sanoat majmuasi oldiga uzoq masofaga uruvchi dronlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish vazifasini qo‘ydi, toki Ukraina Qurolli kuchlari kun davomida Rossiya hududi bo‘ylab mingtagacha dron uchirish imkoniga ega bo‘lsin. Bu haqda davlat rahbari Stavka yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Ukraina Rossiyaga kuniga o‘rtacha 300 ta dron bilan hujum qilmoqda va bu yetarli emas.
“Vazifa: Rossiyaga qarshi uzoq masofali janglar uchun kuniga mingta dron. Juda aniq maqsad bor va bu vazifani bajaramiz”, deydi u.
Ishlab chiqarishni bir necha baravar oshirish zaruratini Zelenskiy Rossiyaning fuqarolik ob’ektlariga zarbalari kuchaygani bilan izohlagan – Moskva har kuni Kiyev, Xarkov, Zaporoje, shuningdek, Sumi, Chernigov, Dnepropetrovsk, Xerson va Kiyev viloyatlariga hujum qilayotgan “Shahed” reaktiv dronlarini ommaviy ravishda qo‘llamoqda. Bir vaqtning o‘zida Prezident bunday nishonlarga qarshi samarali kurasha oladigan tutuvchi dronlar ishlab chiqarishni tezlashtirishni talab qilgan.
Zelenskiyning aytishicha, Ukraina Mudofaa kuchlarining Rossiya hududidagi ob’ektlarga tizimli zarbalari allaqachon sezilarli iqtisodiy va logistik natijalarni bermoqda. Rossiya Federatsiyasida benzin zaxiralari kamaydi, logistika bilan bog‘liq jiddiy muammolar yuzaga keldi. Bundan tashqari, Rossiya o‘z tarixida birinchi marta benzin import qilishni va o‘z neft kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun byudjet mablag‘larini sarflashni boshladi. Prezident agar Moskva urushni tugatish bo‘yicha normal muzokaralardan qochishda davom etsa, Kreml uchun yo‘qotishlar faqat ortib borishidan ogohlantirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Orenburg va Ufa shaharlaridagi Ozon kompaniyasining logistika ob’ektlari Ukraina dronlari hujumiga uchragani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiTibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi
28 avgust
Maktablarda qamrov 78 foizga oshirildi
28 avgust