Kemiruvchilar va tulkilar “Sardoba” to‘g‘onining yemirilishiga ta’sir o‘tkazganmi?
Jamiyat
−
06 iyun 2020
17990O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti zoolog mutaxassislari yovvoyi kemiruvchilar va boshqa hayvonlar faoliyatini "Sardoba" suv ombori to‘g‘oni holatiga ta’sirini aniqlash maqsadida gidroinshootga safar uyushtirdi. Bu haqda akademiya rasmiy saytida xabar berildi.
Ish jarayonida guruh tomonidan to‘g‘on yonbag‘rining 7-bo‘limi, to‘g‘onning yuqori qismidan esa 31-piketdan 197-piketgacha tekshiruvlar o‘tkazildi. Bu hududlarda ochilib qolgan loy uyumlari va cho‘kmalar kuzatildi. Tekshiruvlar muhandis E.Qayumov ishtirokida o‘tkazildi.
To‘g‘on yonbag‘rining 3-bo‘limida oddiy ko‘rsichqonning ochilib qolgan in yo‘llari topildi. To‘g‘onning yuqori qismida esa Tamarisk qumsichqonining inlari qayd etildi. Nishablik bo‘limlardan birining asosida tulki ini topildi.
Olingan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, bu kemiruvchilar hamda tulkilar ko‘p sonda emas va to‘g‘onning yaxlitligiga jiddiy ta’sir ko‘rsata olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 1 may O‘zbekiston uchun mudhish voqea bilan boshlandi. Soat 05:55 da Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba” suv ombori dambasining 6-piket devori yorildi. Mingdan ortiq aholi yashash joylari suv ostida qoldi, ularning aksariyati vayronaga aylandi, yuzlab qoramollar qurbon bo‘ldi.
Suv toshqini natijasida Qozog‘istonning O‘zbekistonga chegaradosh qismidagi Turkiston viloyati Maqtaorol tumanidagi kollektorlar (Sardoba, VS-1, VS-1.1, VS 1.1.9, VS-1.1.7, VS-18, Janubiy, D-3, Karoy, Markaziy) suv bilan to‘lgan. Turkiston viloyatidagi 10 ta qishloqni kuchli suv bosdi. 22 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi.
“Sardoba” suv ombori hududi atrofida yashovchi qariyb 70 ming aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilindi hamda Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hududida tashkil etilgan maxsus muassasalarga joylashtirildi.
Hozirda "Sardoba" suv ombori to‘g‘onining yorilishi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Tergov harakatlarini olib borish Dalvat xavfsizlik xizmatiga topshirilgan. Fojia bo‘yicha tergov 4 ta versiyani o‘rganib chiqyapti.
LiveBarchasi