Kelishilgan o‘yinlarda qatnashgan tennischi 20 yilga diskvalifikatsiya qilindi
Sport
−
10:49 946 2 daqiqa
Kecha, 11 dekabr kuni Xalqaro tennis yaxlitligi agentligi (ITIA) fransuz tennischisi Kventin Folliotga tennisning korrupsiyaga qarshi dasturini 27 marta buzganlik aybi qo‘yilgani va u 20 yilga diskvalifikatsiya qilinganini ma’lum qildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Tergov natijalariga ko‘ra, Folliot kelishilgan o‘yinlar bilan shug‘ullanuvchi sindikat nomidan harakat qiladigan o‘yinchilar tarmog‘ida markaziy shaxs bo‘lgan va shu sababli sanksiyaga uchragan oltinchi o‘yinchi sifatida qayd etilgan.
Professional tennischilar assotsiatsiyasi (ATP) ma’lumotlariga ko‘ra, Folliotga tegishli eng yuqori reyting 488-o‘rin bo‘lib, u yakkalik va juftlik bahslarida jami 60 047 dollar mukofot puli qo‘lga kiritgan. Fransiyalik sportchi 2022-2024 yillar oralig‘idagi 11 ta o‘yinga doir 30 ta ayblovni rad etgan bo‘lsa-da, mustaqil korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha sud majlisi xodimi Amani Xalifa 27 ta ayblovni tasdiqlagan. Xalifaning yozma qarorida ta’kidlanishicha, 26 yoshli Folliot “kengroq jinoiy sindikat uchun vektor bo‘lib, boshqa o‘yinchilarni faol ravishda yollagan va korrupsiyani professional tennisga chuqurroq singdirishga uringan”.
Shuningdek, Folliot 2024 yil may oyida vaqtinchalik chetlatilgan bo‘lib, umumiy hisobda sportchiga 70 ming dollar jarimaga jazosi hamda 44 ming dollardan ortiq korrupsiya orqali olingan to‘lovlarni qaytarishga majbur qo‘yildi. Kventin Folliotning vaqtinchalik diskvalifikatsiyada o‘tkazgan davri umumiy muddatga qo‘shilgan bo‘lib, natijada uning diskvalifikatsiyasi 2044 yil 16 mayda yakunlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilda 17 yoshli futbolchisi ikkinchi marta shiddatli mushtlashuvga qo‘l urganligi sababli Isroil futbol assotsiatsiyasi tomonidan 99 yilga diskvalifikatsiya qilingan edi.
Live
Barchasi