Kelin emas: Andijonda erkak 79 yoshli onaxonni ketmon bilan chopib o‘ldirgan
Jamiyat
−
31 may 2021
31894Avvalroq Andijonda kelin qaynonasini joynamoz ustida ketmon bilan chopib tashlagani aytilgan xabarlar ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilingandi. Bosh prokuratura Matbuot xizmati QALAMPIR.UZ’ga to‘liq ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, 1977 yilda tug‘ilgan M.E. (erkak) joriy yilning 14 aprel kuni soat 17:42 larda, o‘zi yashab kelayotgan Oltinko‘l tumani “Markaz” MFYda mazkur xonadonda yashovchi, 1942 yilda tug‘ilgan M.E. (ayol) bilan yuqorida ko‘rsatilgan xonadonni devor bilan bo‘lish masalasi yuzasidan o‘zaro tortishib, M.E. qo‘lida bo‘lgan ketmon bilan M.E. (ayol)ning bosh qismiga urib, “og‘ir” shikast yetkazib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan.
Ushbu holat Oltinko‘l tumani IIB navbatchilik qismidagi 1-Shakl kitobidan 14 aprel kuni ro‘yxatdan o‘tkazilib, hodisa joyi katta tergovchi tomonidan ko‘zdan kechirilib, bayonnoma rasmiylashtirilgan, hodisa joyi chizmasi va fotojadvallari tuzilgan.
Ko‘zdan kechirish davomida, 2 dona xo‘jalik ketmoni, 1 dona temir ketmon va qonga o‘xshash dog‘lardan namunalar olingan, shuningdek, M.E. (ayol)ning murdasi mutaxassis ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
Ish bo‘yicha 14 aprel kuni M.E. (ayol)ning murdasi bo‘yicha sud tibbiy ekspertiza tayinlanib, ekspertning 19 maydagi 128-sonli xulosasi olinib, ish hujjatlariga qo‘shilgan. Ekspert xulosasida, M.E. (ayol)ning murdasida “bosh miya yopiq shikasti, bosh gumbaz va asos suyaklarini ochiq sinishi, bosh miya to‘qimasining majaqlanishi, bosh miya lat yeyishi, bosh miya to‘qimasiga qon quyilishi, uzunchoq miya, Voraliyev ko‘prigi, miyacha, o‘rta miya va orqa miya bo‘yin sohalari pardalari ostiga, miya to‘qimalariga o‘choqli qon quyilishlari, bosh o‘ng chakka tepa sohasida chopilgan va lat yeb yirtilgan yaralar, bosh o‘ng chakka tepa saxasida teri osti qon quyilishi, o‘ng ko‘z yuqori va pastki qovoqlar, o‘ng quloq suprasi sohalarida shilinma va qontalashlar, o‘ng qo‘l 5-kaft suyagini ochiq sinishi, chap va o‘ng qo‘l o‘ng yon bosh sohalarida shilinmalar, qontalashlar” aniqlangani, ushbu jarohatlar uning o‘limiga sababchi bo‘lganligi ko‘rsatilgan.
Gumon qilinuvchi M.E.dan 14 aprelda olingan qon namunasi bo‘yicha o‘tkazilgan sud kimyoviy ekspertizasining 5 maydagi 122-sonli xulosasida, taqdim etilgan qon namunasida 1,5 foiz etil spirti borligi aniqlangan.
Marhuma M.E. (ayol)ni hodisa vaqtida egnida bo‘lgan ust bosh kiyimlari bayonnoma orqali olinib, ish bo‘yicha sudga oid tibbiy kriminalistika va biologiya ekspertizalari tayinlangan, xulosasi kutilmoqda.
M.E. 14 aprel kuni JPKning 221-tartibida ushlanib, unga nisbatan 15 aprel kuni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan ayb e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.
Ayblanuvchi M.E. o‘zining ko‘rgazmalarida, M.E. (ayol) yashash xonadonidan ketmon olib chiqib, “voy-dod meni uryapti” deb baqirgani sababli, uni baribir urdi deb tuhmat qiladi deb, qo‘lidagi ketmonni olib boshiga bir marotaba urganini bildirgan.
Biroq ish bo‘yicha asosiy guvoh hisoblangan, O‘.U. ayblanuvchi M.E. yashash xonadoni ichkarisida ustalar bilan janjallashib, ularni quvlab ko‘chaga ketmon bilan chiqqani, shu vaqtda ko‘chada marhuma M.E. (ayol) turganini ko‘rib, uni oldiga ketmon bilan yugurib borib, bir marta ketmonni kesuvchi qismi bilan boshiga urib, M.E. (ayol)ni yerga yiqitganini, so‘ng ketmon bilan qolgan ustalar tomonga urmoqchi bo‘lib ketayotganida, uni qo‘lidagi ketmonni o‘sha yerda bo‘lgan ustalar qo‘lini qayirib olib qo‘yishib, uni ushlab ichki ishlar xodimlariga topshirganini bildirgan.
Tergov davomida ish bo‘yicha holatga guvoh bo‘lgan qo‘shimcha guvohlar hamda marhuma M.E. (ayol)ning qizi S.E. guvoh tariqasida so‘roq qilinib, S.E. jabrlanuvchi va fuqaroviy davogar sifatida ishtirok etishga jalb qilingan.
Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari Oltinko‘l tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan olib borilmoqda.
LiveBarchasi