“Kelgindi” so‘zi har doim peshonamdagi tamg‘a edi – Nargiz Zokirova
Madaniyat-san’at
−
21 dekabr 2022
39589Xabaringiz bor, joriy yilning may oyida xonanda Nargiz Zokirova Rossiya haqida keskin fikrlar bildirgani uchun 2072 yilgacha Federatsiyaga kirish huquqidan mahrum qilingan edi. Zokirova Youtube'dagi kanallardan biriga bergan intervyusida ana shu kun haqida aytib berdi.
“Men o‘z ishlarim bilan bir oy Toshkentda qolib ketdim. Moskvaga qaytib borib, pasport nazoratidan o‘tayotganimda, menga qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tishim kerakligini aytishdi. Tekshiruv bo‘lsa, tekshiruv-da, dedim. Shu payt ortimdan ikkita odam keldi va chetroqqa o‘tishimni so‘radi. Bir xonaga kirganimizda ular ko‘zlarida yosh bilan mendan kechirim so‘rashga tushishdi va menga 50 yil davomida Rossiyaga kirishimga taqiq qo‘yilganini aytishdi. Men buni xotirjamlik bilan qabul qildim. Mendan Toshkentga ketasizmi yoki Nyu-Yorkka deb so‘rashdi. Men avvalo Toshkentga boraman, dedim. U yerdagi aeroport xodimlari meni sevishlarini aytib, suratga ham tushishgan”, deydi u.
Qolaversa, joriy yilning oktyabr oyida rossiyalik qo‘shiqchi Filipp Kirkorovning Toshkentda konsert berishidan xabar topgan Zokirova tadbir afishasi oldida turib, “kelgindilar” deya izoh qoldirgan. 1 noyabr kuni esa Filipp Kirkorov Toshkentdagi konsertida Nargiz Zokirovaga javob qaytargan edi. Intervyu davomida xonanda shu vaziyatga ham to‘xtalib o‘tgan.
“Men u afisha oldida video suratga olayotganimda biror maqsadni ko‘zlamagan ham edim. U afishada istalgan odam bo‘lishi mumkin edi. Men hozir kimnidir muhokama qilib, hukm chiqarmoqchi emasman lekin o‘zimning achchiq tajribamda ularning osiyoliklarga munosabatini o‘rgandim. Bir ayol mening konsertimda, “senga o‘xshagan kelgindilar mening uyimda axlat tozalayapti”, degan edi. “Kelgindi”, degan so‘z har doim mening peshonamda turardi. Men ana shu videoni suratga olayotganimda bu katta voqeaga aylanib, og‘riqli aks sado berishini bilmagan edim”, degan xonanda.
Ma’lumot o‘rnida, Nargiz Zokirova O‘zbekistonda taniqli musiqachilar oilasida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq artistlari Botir Zokirov, Farrux Zokirov va Jamshid Zokirov uning tog‘alari.
1995 yilda esa Nargiz Zokirova ota-onasi bilan birgalikda AQSHga ko‘chib ketgan. 2013 yilda u Rossiyaning “Ovoz” (“Golos”) televizion loyihasida ikkinchi o‘rinni egallagan.
LiveBarchasi