Keksa diplomat lavozimidan ketadi. AQSHda Baydenning Afg‘oniston siyosati tekshiriladi

Olam

image
0:00
0:00
download

AQSH Davlat departamenti bosh inspektori Dayan Shou amerikalik diplomatlarning afg‘on sektoridagi faoliyatining bir qator toifalarini ko‘rib chiqishni boshlaydi. Bu haqda “Politico” xabar bergan.  

Ta’kidlanishicha, bu tekshiruv birinchi navbatda Amerikaning Afg‘onistondagi diplomatik ishtirokini cheklash holatlariga, shuningdek hokimiyatga “Tolibon” harakati kelganidan so‘ng, mamlakatdan odamlarni favqulodda evakuatsiya qilishga tegishli. 

Qayd etilishicha, Afg‘oniston fuqarolariga Amerika immigratsion kirish vizalarini berish, AQSHga bunday odamlarni joylashtirish va Qobul xalqaro aeroportidan favqulodda evakuatsiya qilish dasturlari ko‘rib chiqiladi. 

Nashr, shuningdek Shouning Senatning tegishli qo‘mitalariga va Kongress Vakillar palatasiga yuborgan yozma xabarnomasiga iqtibos keltirgan. Bu hujjatda Davlat departamenti auditorining “bir qator nazorat loyihalarini” amalga oshirish niyati borligi qayd etilgan. 

Davlat departamenti vakili Rayan Xoldenga ko‘ra, bu loyihalarni tergov deb aytish noto‘g‘ri. 

Ta’kidlanishicha, AQSHning Afg‘onistondan shoshilinch ravishda chiqib ketishi shartlari Kongressning bir qancha qo‘mitalari tomonidan o‘rganilmoqda. Ular orasida Senat va Vakillar palatasining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitalari, shuningdek maxsus razvedka qo‘mitalari bor. Bundan tashqari, AQSH hukumatining Afg‘onistondagi rekonstruksiya ishlari bo‘yicha bosh inspektori Jon Sopko va Pentagon bosh inspektori vazifasini bajaruvchi Shon O’Donnell ham shunga o‘xshash tekshiruvlar o‘tkazishi kutilmoqda. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod o‘z lavozimini tark etdi, qaror tez orada rasman e’lon qilinadi. Ushbu vazifani uning o‘rinbosari Tom Uest egallashi aytilgan. Zalmay Xalilzod 2001 yil dekabrda ushbu lavozimga tayinlangan edi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi. 

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston AQSh

Baholaganlar

66

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing