Kecha tabrik, bugun ta’ziya. Dunyo liderlari Ozarbayjonga hamdardlik bildirmoqda
Olam
−
25 dekabr
7143Bugun, 25 dekabr kuni Ozarbayjon aviakompaniyasining Baku-Grozniy reysi bo‘yicha uchayotgan samolyot Qozog‘istonda halokatga uchradi. Qulagan samolyot ichida 67 yo‘lovchi va 5 ekipaj a’zosi bo‘lgan. Ushbu fojia munosabati bilan dunyoning turli burchagidan Ozarbayjonga hamdardlik bildirilmoqda.
Birinchilar qatorida Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Bakudan Grozniyga uchayotgan Ozarbayjon havo yo‘llari laynerining Aqtauda halokatga uchrashi oqibatida halok bo‘lgan yo‘lovchilarning yaqinlariga hamdardlik bildirgan.
“Men halok bo‘lgan yo‘lovchilarning yaqinlariga hamdardlik bildiraman. Omon qolgan 12 kishining ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda. Ularning sog‘ayib ketishini Allohdan so‘raymiz”, deb yozgan Qodirov o‘zining Telegram kanalida.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham telefon orqali Ilhom Aliyev bilan bo‘lgan suhbatda unga hamdardlik bildirgan.
Shu bilan birga, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham o‘zining X’dagi sahifasida Baku-Grozniy reysini amalga oshirayotgan AZAL yo‘lovchi samolyotining halokatga uchrashi munosabati bilan hamdardlik bildirgan.
“Men Boku-Grozniy reysi chog‘ida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildiraman”, degan u.
So‘ngra bu safga Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ham qo‘shildi. U ham jabrlangan va halok bo‘lganlarga sabr tilagan.
“Bugun Ozarbayjonga tegishli yo‘lovchi samolyotining fojiali halokatga uchragani va ko‘plab qurbonlar bo‘lganligi haqidagi xabarni yuragim og‘riq bilan qabul qildi, Qirg‘iziston Respublikasi xalqi va shaxsan o‘z nomimdan chuqur hamdardlik bildiraman. Halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiraman, ushbu fojia oqibatida jabrlanganlarga tezroq sog‘ayib ketishlarini tilayman”, deyiladi uning xabarida.
BMTning Ozarbayjondagi doimiy koordinatori Vladanka Andreyeva ham o‘zining X akkauntida samolyotining halokatga uchrashi munosabati bilan Ozarbayjonga hamdardlik bildirdi.
“Qozog‘istonda AZAL samolyotining halokatga uchragani haqidagi xabar meni chuqur qayg‘uga soldi. Mening qalbim qurbonlar, ularning oila a’zolari va ushbu yurakni ezuvchi fojiadan jabr ko‘rgan insonlar bilandir”, deyiladi uning xabarida.
Qayd etish joiz, bir kun oldin 24 dekabrda yetakchilar Ilhom Aliyevni 63 yoshga to‘lgani munosabati bilan qutlab, tabrik jo‘natgandi.
Qozog‘iston FVVning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 28 nafar yo‘lovchi omon qolgan. Samolyot yo‘lovchilaridan 37 kishi Ozarbayjon, 16 kishi Rossiya, 6 kishi Qozog‘iston va uch kishi Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lganligi ta’kidlangan. Samolyotning qulashiga qushlar galasi bilan to‘qnashuv sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Ilhom Aliyev va Vladimir Putinga Qozog‘istondagi voqea sabab hamdardlik yo‘llagandi.
LiveBarchasi