Kazemiro yozda “Manchester Yunayted”ni tark etishini e’lon qildi

Sport

image

“Manchester Yunayted” klubi yarim himoyachisi Kazemiro jamoa bilan tuzilgan shartnomasi 2026 yil yozida yakunlangach, klubni tark etishini ma’lum qildi. Bu haqda futbolchi o‘zining Instagram sahifasida xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Manchester Yunayted” Kazemironing mavsum oxirida yakunlanadigan shartnomasini uzaytirish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, 33 yoshli braziliyalik yarim himoyachining klubni erkin agent sifatida tark etishga qaror qilgan.

“Manchester Yunayted” umrimning oxirigacha men bilan qoladi. Ushbu go‘zal stadionga qadam qo‘ygan birinchi kundan boshlab men “Old Trafford”ning ishtiyoqini his qildim va muxlislarimiz bilan birga bu maxsus klubga bo‘lgan muhabbatim yanada kuchaydi. Xayrlashish vaqti keldi. Oldimizda yana to‘rt oy bor va shu vaqt ichida ko‘plab yangi xotiralar yaratishimiz mumkin. Bizda hali kurashadigan juda ko‘p narsalar bor. Mening butun e’tiborim, har doimgidek, klubimiz muvaffaqiyati uchun bor kuchimni sarflashga qaratilgan bo‘ladi”, dedi Kazemiro.

“The Athletic” nashri xabar berishicha, agar Kazemiro joriy mavsumda 35 ta o‘yinda ishtirok etsa, uning shartnomasini yana bir yilga uzaytirish bandi avtomatik tarzda faollashishi mumkin edi.

Braziliyalik futbolchi “qizil iblislar” safida to‘rt mavsum faoliyat yuritdi. U barcha musobaqalarda jami 146 ta uchrashuvda maydonga tushib, 21 ta gol urdi hamda 13 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Kazemiro “Manchester Yunayted” bilan Angliya kubogi va Liga kubogini qo‘lga kiritdi.

Ma’lumot uchun, braziliyalik yarim himoyachi professional faoliyati davomida “Real Madrid”, “Portu” va “San-Paulu” klublari sharafini ham himoya qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Kazemiro shartnoma “Manchester Yunayted”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing