“Katta muammolarga olib keladi”. Tramp Estoniya havo hududining buzilishini izohladi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiyaning Estoniya havo hududiga kirishiga munosabat bildirib, bu katta muammolarga olib kelishi mumkinligini aytdi. Bu haqda Tramp Oq uyda jurnalistlar bilan o‘tkazgan suhbatida ma’lum qilgan.

Unga ko‘ra, bunday holatlar unga yoqmaydi va masala yuzasidan yaqin orada unga ma’lumot berilishi kutilmoqda.

“Menga bunday holatlar yoqmaydi. Bu jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin, lekin men sizlarga keyinroq ma’lum qilaman. Taxminan bir soat ichida meni xabardor qilishadi”, degan Oq uy rahbari. 

19 sentyabr kuni uchta Rossiya MiG-31 samolyotining Estoniya havo hududini buzgani aytilib, diplomatik mojaro yuzaga kelgan edi. Estoniya Bosh vaziri Kristen Mixalning so‘zlariga ko‘ra, havo hududi buzilishi taxminan 12 daqiqa davom etgan va hodisa Vayndlo oroli atrofida sodir bo‘lgan. 

O‘z vaqtida NATO bu samolyotlarni chiqarib yuborgan. Voqeadan so‘ng Estoniya NATO davlatlari bilan rasmiy maslahatlashuvlarni boshlab yuborgan. 

NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Rossiya uchuvchilarining harakatlarini professional standartlarga mos kelmaydi deya baholagan, alyans matbuot kotibi Oana Lungesku esa hodisani “yana bir mas’uliyatsiz xatti-harakat” sifatida ta’riflagan.

Moskva esa “eski hammom, eski tos” qabilida bu ayblovlarni qat’iyan rad etib, Estoniya havo chegaralari buzilmaganini ta’kidlagan. Rossiya Mudofaa vazirligining bayonotiga ko‘ra, uchta MiG-31 samolyoti Kareliyadan Kaliningrad viloyatiga rejalashtirilgan parvozni amalga oshirgan.

Oxirgi paytlarda Rossiya chegaralarni yoqtirmasligini ko‘rsatib qo‘ymoqda. 10 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiyaning kamida 19 ta droni Polsha chegarasini kesib o‘tgandi, ularning katta qismi Belarusdan kelib chiqqan. Polsha samolyotlaridan tashqari boshqa NATO davlatlarining qiruvchi samolyotlari dronlarni tutib olish uchun joylashtirildi. Varshava Rossiya ataylab Polshaga hujum qilganini va Shimoliy Atlantika shartnomasining 4-moddasiga muvofiq NATO ittifoqchilari bilan maslahatlashishni so‘raganini bildirgan. Rossiya esa hamma ayblovni Ukrainaga ag‘dargan.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Donal'd Tramp Estoniya Mark Ryutte

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing