“Katta gapirgan” “katta o‘zbek” — Sport tahlili
Tahlil
−
05 noyabr 2023
7145O‘zbekiston yaxshigina qo‘llanma bo‘lgan Para Osiyo o‘yinlari, dunyo yulduzlari bilan uchrashib, hafta davomida trendda bo‘lgan Bahodir Jalolov, egasini topgan intrigasiz sovrin ya’ni “Oltin to‘p” marosimi, kelishilgan o‘yinlarda qatnashgan o‘zbekistonlik tennischi va 10 ming dollar jarimaga tortilgan “Paxtakor” futbol klubi bugungi dasturimizning asosiy mavzusi bo‘ladi. Assalomu alaykum. Sezganingizdek, QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.
29 oktyabr kuni Xitoy mezbonligida o‘tgan IV Para Osiyo o‘yinlarida muishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Xanchjoudagi Para Osiyo o‘yinlarida o‘zbekistonlik para sportchilar medal jamg‘arish bo‘yicha delegatsiya tarixidagi eng sermahsul natijani qayd etdi. Ular jami 79 ta – 25 ta oltin, 24 ta kumush va 30 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi hamda umumjamoa hisobida 8-o‘rinni egalladi, biroq umumjamoa hisobida 4-o‘rinni egallagan jamoa bilan 8-pog‘onadagi O‘zbekistonning medallar jamg‘arish borasidagi tafovuti uncha katta emas edi.
QALAMPIR.UZ’da O‘zbekistonning Para Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroki bo‘yicha tahliliy maqola e’lon qilindi. Maqolada O‘zbekiston 8-o‘rinni egallashiga qanday omillar ta’sir qilgani, O‘zbekiston-Markaziy Osiyoda para sport bo‘yicha gegemonligi, para sportchilari qancha miqdorda mukofotlanishi va O‘zbekiston 2025 yilda Osiyo va Para Osiyo o‘yinlari mezbonligiga tayyorgarligi borasida kerakli fikrlar bildirilgan.
Argentinalik to‘p ustasi Lionel Messi 2022/2023 yilgi mavsum yakunlari bo‘yicha “France football” nashri tomonidan topshiriladigan yilning eng yaxshi futbolchisi uchun sovrin – “Oltin to‘p”ni qabul qilib oldi.
Fransiya poytaxti Parijdagi “Shatle” teatrida bo‘lib o‘tgan marosimda Messi norvegiyalik Erling Xoland va fransiyalik Killian Mbappeni ortda qoldirib, faoliyatidagi 8-“Oltin to‘p”ga ega chiqdi. Messining mazkur sovrinni qo‘lga kiritishida uning o‘tgan yili Argentina bilan Qatarda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida g‘olib bo‘lgani bosh omil bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, “Inter Mayami” a’zosi faoliyatidagi 1-“Oltin to‘p”ga 2009 yili “Barselona” safida ega chiqqan. Shuningdek, Leo 2010,2011,2012,2015,2019 va 2021 yillarda yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilgan.
Joriy yilning 28 oktyabr kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida britaniyalik bokschi Tayson Fyuri va sobiq UFC jangchisi Frensis Ngannu o‘rtasida jang bo‘lib o‘tdi. Fyuri-Ngannu jangini tomosha qilishga va jang oldi tadbirlarda ishtirok etishga o‘zbekistonlik professional bokschi Bahodir Jalolov ham taklif etildi.
Jangdan bir kun oldin bo‘lib o‘tgan dunyo sporti yulduzlari ishtirokidagi marosimlarda o‘zbekistonlik bokschi ham ishtirok etdi. Jalolov QALAMPIR.UZ'ga Riyodda Krishtianu Ronaldu bilan ko‘rishgani va portugaliyalik yulduz bilan nima haqida suhbat qurganini ma’lum qildi.
“To‘g‘risi, Ronalduni o‘zi yonimga kelib mendan ertaga ringda jang qilish yoki qilmasligimni so‘radi. “Yo‘q, tushmayman”, deb javob berdim. Ochig‘i, hayron bo‘ldim, chunki Ronaldu mendan bu haqda so‘raydi deb o‘ylamagandim”, deydi Jalolov.
Ta’kidlash joiz, Fyuri-Ngannu jangi boks qoidalari asosida o‘tkazildi. 10 raund davom etgan jang yakunida Buyuk Britaniya vakilining qo‘li baland keldi.
31 oktyabr kuni Qatar poytaxti Doha shahrida Osiyo futbol konfederatsiyasining (OFK) “AFC Annual Awards” yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) “Yilning eng yaxshi futbol assotsiatsiyasi” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Osiyoning turli futbol tadbirlariga mezbonlik qildi hamda o‘zaro loyihalarni amalga oshirdi. Xususan, tarixda ilk bor U-23 va U-20 Osiyo chempionatlari, shuningdek, OFKga a’zo assotsiatsiyalar prezidentlari va bosh kotiblari konferensiyasi O‘zbekistonda o‘tkazildi. Qit’a miqyosidagi turli saralash bahslari, klublar o‘rtasidagi turnirlar, ayollar futboli, CAFA musobaqalarida O‘FA faollik ko‘rsatdi. Ushbu sa’y-harakatlar OFK tomonidan munosib e’tirof etildi.
Ta’kidlash joiz, mazkur nominatsiyada Eron futbol federatsiyasi va Yaponiya futbol assotsiatsiyasi nomzodlari ko‘rsatilgan edi.
O‘zbekistonlik tennischi Sanjar Fayziyev kelishilgan o‘yinlarda qatnashgani uchun 3,5 yilga tennisdan chetlatildi. Bu haqda Xalqaro tennis Fair Play agentligi (ITIA) ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, Fayziyev tennis korrupsiyasiga qarshi kurashish dasturini buzganlik uchun diskvalifikatsiya qilingan. Fayziyev 5 ta ayblov bo‘yicha aybdor deb topildi va 15 ming dollar jarimaga ham tortildi.
Sportchiga belgilangan sanksiyalar 2023 yil 25 iyulda, ya’ni sportchilar vaqtinchalik diskvalifikatsiya qilingan sanada qo‘llanila boshlandi. Fayziyev tennis o‘ynash, murabbiylik qilish va har qanday tennis turnirlarida ishtirok etish imkoniyatidan mahrum etildi.
Shuningdek. ITIA'ning ma’lum qilishicha isroillik sportchi Igor Smilanskiyni 2 yilga diskvalifikatsiya qilingan, 21 ta kelishilgan o‘yinda qatnashganlikda ayblangan qozog‘istonlik Timur Xabibulin esa umrbod tennisdan chetlatilgandi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston U-20 terma jamoasi futbolchisi Shahriyor Jabborov 2023 yilning 17 aprelidan boshlab taqiqlangan dorilarni iste’mol qilgani uchun 4 yilga futboldan diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda Osiyo futbol konfederatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasi ma’lum qildi.
Undan tashqari Tartib-intizom qo‘mitasi qarorlariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy futzalchisi Ilhom Hamroyev Malayziyaga qarshi Osiyo Kubogi saralash o‘yinida qizil kartochka olgani uchun ming dollar jarimaga tortildi.
Toshkentning “Paxtakor” klubi esa Osiyo Chempionlar ligasi doirasida “Al-Ayn”ga qarshi o‘yin vaqtida va o‘yindan keyin maydonga ikki muxlis yugurib chiqqani uchun 10 ming dollar jarima to‘laydi.
LiveBarchasi