Kartoshkachilikni rivojlantirish uchun 400 mlrd so‘m yo‘naltiriladi
Jamiyat
−
30 yanvar
3401Bu yil kartoshkachilikni rivojlantirish uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 400 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Bu haqda bugun, 30 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan tomorqada va ijaraga berilgan ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishning yangi tizimi bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, kartoshka 290 ming gektarda ekilsa ham, ehtiyojning bir qismi importdan qoplanyapti. Negaki nav va hosildorlik yaxshi emas.
Shu bois Kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutiga iqlimga mos, serhosil navlarni yaratish, “in-vitro” usulida yiliga 3 million dona tuganaklar yetishtirib, tarqatish vazifasi qo‘yildi.
Import qilingan hamda mahalliy yetishtirilgan urug‘lik kartoshkani sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizi “keshbek” sifatida qaytarib beriladi. Qolaversa, 2027 yildan kartoshkaga ehtiyoj to‘liq ichki imkoniyat hisobidan qoplanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, mahsulot yetishtirish va qayta ishlash uchun texnikalar yetkazib berish, dehqonlarga qulay lizing mahsulotlari taqdim etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qishloq xo‘jaligi vazirligi kartoshka qimmatlaganiga munosabat bildirib, amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasida fevral-mart oylarida narxlar barqarorlashishi, aprel-may oylarida esa pasayishi kutilayotganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi