Karimovning o‘limidan keyin O‘zbekiston to‘ntarish yoqasida turganmidi? Safoyev izoh berdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida 2016 yilda Karimovning vafotidan keyin O‘zbekiston davlat to‘ntarishi yoqasiga kelib qolgani, o‘sha davrda Rossiya harbiy kuchlarining mamlakat aeroportida bo‘lib turgani haqidagi turli xil mish-mishlarga izoh berdi

“Bularning hech qaysi umuman haqiqatga yaqin emas. O‘sha paytda ham Senatda edim. Bir narsaga ahamiyat berish kerakki, O‘zbekistonning uzoq tarixga ega davlatchiligi bor. Bu xalqning genetik kodiga o‘rnashib olgan va ba’zida rivojlanishga ham xalaqit beradi. Bilazismi, Fyogel ismli bir nemis olimi bo‘lgan. O‘sha olim Markaziy Osiyo davlatlarini gidravlik davlatlar, ya’ni suvni boshqarish tizimiga bog‘liq bo‘lgan davlatlar deb atagan. Jamiyat o‘z hayotini saqlab qolishi uchun barqaror suv ta’minotiga bog‘liq ekan, u doimo markazlashgan boshqaruvni talab qiladi. Aks holda, tartibsizlik bo‘ladi, rivojlanish esa bo‘lmaydi va hatto oddiy ishlab chiqarish ham bo‘lmaydi”, deydi Safoyev.

Sodiq Safoyevning ta’kidlashicha, bunday sharoitda markazlashgan davlat juda muhim.

“Markaziy Osiyo davlatlarining tarixi shundan guvohlik beradiki, odamlar ham, ziyolilar ham davlatchilik institutlariga alohida hurmat bilan qaragan”, deydi Safoyev.

Safoyevga ko‘ra, Islom Karimov vafotidan keyin ham mamlakatda keskin harakatlar bo‘lmasligi aniq bo‘lgan.

“O‘ylashimcha, o‘sha paytning o‘zida bu yerda (O‘zbekistonda – tahr.) hech qanday keskin harakatlar bo‘lmasligi aniq edi. Hammasi tabiiy va munozaralarga asoslangandi. Mustaqillik maydoni hududidagi biron bir binoda (Vazirlar Mahkamasi, Senat va Hukumat binosi – tahr.) hech qanday muammo bo‘lmaganini eslayman. Biz o‘sha yerda edik, ishlardik, muhokama qilardik. Boshidanoq hamma narsa biz uchun oldindan bashorat qilingandek edi”, deydi Safoyev.  

Eslatib o‘tamiz, Safoyev G‘arb davlatlari tomonidan Rossiyaga nisbatan qo‘llanayotgan sanksiyalarning O‘zbekistonga ham ta’siri borligi haqida fikr bildirib, bunga Rossiya bilan ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarning yuqori ekanini sabab qilib, ko‘rsatgan edi. 

Bundan tashqari, Safoyev 2021 yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovlari to‘g‘risida ham so‘z ochib, amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevdan boshqa munosib nomzod yo‘qligini aytib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2641

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing