Karantinda samaradorlikni saqlash uchun qanday ichimliklar ichish kerak?

Salomatlik

image

Odatda qanday ichimliklar samaradorlikni oshirishi haqidagi savolga ko‘pchilik choy va kofe deb javob beradi. Neyropsixolog Irina Xvingiya esa qaysi ichimliklar miyani faollashtirishini ma’lum qildi.

Xvingiyaning ta’kidlashicha, agar kuniga ikki finjondan choy yoki kofe ichsangiz chindan ham yordam beradi. Lekin, undan ko‘p miqdordagi ushbu ichimliklarni iste’mol qilish, aksincha, miya faoliyati samaradorligini pasaytiradi.

Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, jenshendan tayyorlangan ichimliklar miya faoliyatini ancha yaxshilashga yordam beradi. Uning ta’siri esa kofenikidan ko‘ra uzoqroq davom etadi.

“Jenshenning ta’siri kofega qaraganda ancha uzun. Kuniga ikki marta ushbu giyohdan tayyorlangan ichimlikni ichish odamni kun davomida tetik qiladi. Bu esa ish qobiliyatini uzoq vaqt saqlab turishi uchun yetarli“, deydi neyropsixolog.

Irina Xvingiyaning so‘zlariga ko‘ra, yana bir muhim ichimlik kakao hisoblanadi. Ushbu mahsulotdan tayyorlangan ichimlik miyadagi qon aylanishini yaxshilash qobiliyatiga ega.

“Kakao tarkibidagi flavonol moddasi tufayli miyaning qon aylanishi yaxshilanadi. Bundan tashqari, kakao tarkibida organizmda dopamin ishlab chiqaradigan moddalar mavjud va u yaxshi kayfiyatni kafolatlaydi. Shuning uchun kakao nafaqat sog‘liq uchun, balki tinchlanish uchun ham foydali. Bu o‘z-o‘zini izolyatsiya qilishda juda kerakli narsa“, deydi neyropsixolog.

Shuningdek, Xvingiyaning ta’kidlashicha, mevalar va sabzavotlardan tayyorlangan ichimliklar ham miyaga yetarlicha ozuqa ulashadi.

“Olma sharbati qon tomirlarining elastikligini oshiradi. Ularda tromblar hosil bo‘lishining oldini oladi va miya qon aylanishini yaxshilaydi. Maymunjon va malina ham qon oqimini yaxshilaydi“, deydi Irina Xvingiya.

Neyropsixologning ta’kidlashicha, miyaning ish qobiliyatini faqat ichimliklar bilan yaxshilab bo‘lmaydi. To‘g‘ri ovqatlanish va miya uchun turli mashqlar haqida unutmaslik kerak. Masalan, tezkorlik va reaksiyani oshirish uchun siz oilaviy o‘yinlarni o‘ynashingiz mumkin.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang,  #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Karantin Miya faoliyati Ichimliklar

Baholaganlar

102

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing