Kanadaning O‘zbekistondagi elchisi o‘z missiyasini tugatdi

Jamiyat

image

Kanadaning O‘zbekistondagi elchisi Elison Lekler o‘z diplomatik missiyasini yakunladi. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Telegram-kanalida ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, bugun, 3 oktyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va mamlakatdagi faoliyatini tugatayotgan Kanada elchisi Elison Lekler o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Unda mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘plab sohalardagi ikki tomonlama munosabatlar rivojlanib borayotgani haqida so‘z borgan. 

“Uchrashuvda energetikadan tortib ta’limgacha bo‘lgan ko‘plab sohalardagi ikki tomonlama munosabatlar ulkan salohiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi. O‘tgan yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun Elison xonimga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz va kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz”, deb yozadi Tashqi ishlar vaziri.

Ma’lumot uchun, Elison Lekler 1963 yil 9 sentyabrda Kanadaning Monreal shahrida tug‘ilgan. U 2005 yildan 2009 yilgacha Kanada Tashqi ishlar vazirligining Xitoy, Mo‘g‘uliston va Tayvan bilan aloqalar departamenti direktori bo‘lgan. 2009 yildan boshlab besh yil davomida Shveysariyaning Jeneva shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi maslahatchi-elchi va doimiy vakil o‘rinbosari sifatida xizmat olib borgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Isroildagi elchisi Feruza Mahmudova ushbu mamlakatdagi o‘z missiyasini yakunlagani haqida xabar berilgan edi. Uning nomzodi 2020 yilning 19 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan ma’qullangandi.


Maqola muallifi

Teglar

elchi Baxtiyor Saidov Kanada Tashqi ishlar vaziri Elison Lekler

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing