Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari “portlash”dek tarqaldi: minglab aholi evakuatsiya qilindi

Olam

image

Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasida tez tarqalayotgan o‘rmon yong‘inlari sabab favqulodda holat e’lon qilinishi ortidan 20 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, provinsiyaning janubiy qismidagi Okanagan ko‘lining g‘arbida joylashgan hududlarda “Bald Range” yong‘ini nazoratdan chiqib, bir kechada deyarli ikki barobar kengaygan. Yong‘in maydoni qariyb 9,5 ming gektarga yetgan.

Yong‘in sabab Sammerlend, Pichlend va boshqa hududlarda evakuatsiya e’lon qilingan. Bu yozdagi eng yirik evakuatsiya tadbiriga aylangan. Britaniya Kolumbiyasi bo‘ylab 20 mingdan ortiq kishi uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Provinsiya bosh vaziri Devid Ebi yong‘in tezligi va ko‘lami haqida gapirar ekan, mutaxassislardan biri vaziyatni “bomba portlashiga” qiyoslaganini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim daraxtlardagi olov balandligi 30 metrga yetgan, alanga esa undan yana 60 metr yuqoriga ko‘tarilgan. Yong‘in o‘ziga xos ob-havo tizimini yuzaga keltirib, chaqmoq paydo bo‘lishiga va olovning yanada kuchayishiga sabab bo‘lgan.

Rasmiylar yong‘in oqibatida uylar va boshqa inshootlar vayron bo‘lganini, ayrim aholi esa vaziyatning keskin o‘zgarishi sababli qutqarilganini bildirgan.

Favqulodda holat rejimi provinsiya hukumatiga transport harakatini cheklash, mahsulotlar narxining asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda qutqaruv ishlarini muvofiqlashtirish uchun qo‘shimcha vakolatlar beradi.

Sammerlend meri Dag Xolmsning aytishicha, yong‘indan ko‘plab fermer xo‘jaliklari zarar ko‘rgan. Inshootlarning qanchasi yo‘q qilingani hozircha aniq emas.

Ko‘plab aholi kecha, 8 avgustga o‘tar kechasi evakuatsiya qilingan. Ular avtomobillarda Pentikton shahri tomon janubga yoki Kelouna tomon shimolga yo‘l olgan. Keyinchalik ayrim avtomobil yo‘llari yopilgan.

Yong‘in sabab Sammerlendda elektr ta’minoti uzilgan. Shuningdek, suv tozalash inshooti chetlab o‘tilgani va tizimga tozalanmagan suv tushgani sababli aholi uchun suvni qaynatib iste’mol qilish tavsiya etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Britaniya Kolumbiyasida ayni paytda 100 dan ortiq yong‘in qayd etilgan bo‘lib, ularni o‘chirish ishlariga qariyb 1,5 ming nafar o‘t o‘chiruvchi jalb qilingan. Provinsiyada 40 ta evakuatsiya buyrug‘i va 49 ta evakuatsiya ogohlantirishi berilgan.

Kanada O‘rmon yong‘inlari bo‘yicha idoralararo markazi ma’lumotiga ko‘ra, yil boshidan buyon mamlakatda yong‘inlar qariyb 4 million gektar maydonni qamrab olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Yuta shtatida o‘rmon yong‘inini o‘chirish ishlarida qatnashayotgan vertolyot halokatga uchragani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing