Kanadadagi maktabda ham otishma: o‘nlab odamlar halok bo‘ldi
Olam
−
09:33 1376 2 daqiqa
Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasidagi Tumbler-Rij shahri o‘rta maktabida sodir bo‘lgan otishma oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘ldi, jumladan hujumchi ham. Bu haqda “Global News” xabar berdi.
Voqea joyiga yetib kelgan politsiya xodimlari maktab binosida olti nafar halok bo‘lgan shaxsni aniqlagan, yana bir jabrlanuvchi shifoxonaga olib ketilayotganida vafot etgan. CBS xabariga ko‘ra, hodisa bilan bog‘liq deb taxmin qilinayotgan boshqa joydan yana ikki nafar halok bo‘lgan shaxs topilgan. Gumonlanuvchi hujumchi jarohatlar bilan o‘lik holda aniqlangan, politsiya ma’lumotiga ko‘ra, bu jarohatlar o‘ziga o‘zi yetkazilgan bo‘lishi mumkin.
Hayot uchun xavfli og‘ir jarohat olgan ikki kishi vertolyot orqali shifoxonaga yetkazilgan. Yana qariyb 25 kishi mahalliy tibbiyot markazida jarohatlar bor-yo‘qligi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.
Hujumchi haqida dastlabki xabarda gumonlanuvchi jigarrang sochli, ko‘ylak kiygan ayol sifatida tasvirlangan. Keyinchalik politsiya boshqa gumonlanuvchilar yo‘qligini bildirgan. Huquq-tartibot organlari jabrlanganlarni aniqlash ishlarini davom ettirmoqda.
Tumbler-Rij o‘rta maktabida 7–12-sinflarda tahsil oluvchi taxminan 170 nafar o‘quvchi bor. Maktabdan bir kilometrdan kam masofada boshlang‘ich maktab joylashgan. Xabarga ko‘ra, har ikki ta’lim muassasasi hafta oxirigacha yopilgan. Mahalliy tibbiyot markazida ham tashriflar cheklangan.
Eslatib o‘tamiz, 9 fevral kuni AQSHning Merilend shtatida joylashgan Rokvill shahridagi Tomas Vutton nomidagi o‘rta maktabda otishma sodir bo‘lgandi va oqibatda bir nafar o‘quvchi shifoxonaga yetkazilgan.
Live
Barchasi