Kanada Ukrainaga $350 millionlik havo mudofaasi yordamini beradi

Olam

image

Kanada Ukrainaga Rossiya raketa hujumlaridan himoyalanish uchun 350 million Kanada dollari miqdorida havo mudofaasi raketalarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda kecha, 10 sentyabr kuni Kanada Bosh vaziri Mark Karni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi.

Karnining aytishicha, kelishuv Ukrainaga havo mudofaasi uchun zarur bo‘lgan interseptorlarni yetkazib berishni nazarda tutadi. Ushbu 350 million Kanada dollarilik harbiy texnika paketi Ukraina aholisi, infratuzilmasi va havo hududini himoya qilishga yordam beradi.

“Rossiya fuqarolik aholisiga farqsiz hujum qilayotgan varvarona havo urushi ko‘lamini oshirayotgan bir paytda Ukrainaning havo mudofaasi muhim ahamiyatga ega”, degan Karni Kalgarida jurnalistlarga.

Kanada Bosh vaziri qaysi turdagi interseptorlar yetkazib berilishi yoki yordam qachon boshlanishi haqida aniq ma’lumot bermagan.

Ma’lum qilinishicha, qurol-yarog‘ Ukrainaga AQSH dasturi orqali yetkazib beriladi. Ushbu dastur uchinchi davlatlarga Ukraina uchun Patriot raketalari kabi qurollarni tezkor ravishda sotib olish va yetkazib berish imkonini beradi.

“Bu paket uchun sizga rahmat aytaman. Ayniqsa hozir bu biz uchun juda muhim”, degan Zelenskiy.

Kanada Ukraina Rossiya bosqinini boshlagan 2022 yil fevraldan buyon Kiyevga jami 25,5 milliard Kanada dollaridan ortiq yordam ajratgan. Uning 8,5 milliardi harbiy yordam hisobiga to‘g‘ri keladi.

Karni, shuningdek, Kanada dronlar ishlab chiqarishni keskin oshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat keyingi ikki yil ichida yiliga millionlab dron ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lishni maqsad qilgan va ularning uchdan bir qismi Ukrainaga yuboriladi.

Zelenskiy esa Ukraina Rossiyaning ommaviy hujumlariga qarshi turish uchun dronlar ishlab chiqarishni yetarli darajaga yetkazish maqsadida ko‘proq texnologiya va moliyaviy mablag‘ga muhtojligini aytgan.

Kanadada taxminan 1,3–1,4 million nafar ukrain kelib chiqishiga ega aholi istiqomat qiladi. Bu mamlakat dunyodagi eng yirik ukrain diasporalaridan biriga ega.

Kecha, 10 sentyabr kuni imzolangan kelishuvlar doirasida Kanada Ukrainada energetika xavfsizligini, ayniqsa qish mavsumida ta’minlash uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankiga qariyb 435 million Kanada dollari miqdorida yangi kredit kafolatlarini ham taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya ham o‘z zaxirasidagi Amerika ishlab chiqargan Patriot havo mudofaa tizimlari uchun mo‘ljallangan PAC-2 zenit raketalarining bir qismini Ukrainaga yetkazib berishi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing