Kanada Rossiyaning OAVlarini sanksiyaladi

Olam

image

Kanada Tashqi ishlar vazirligi Rossiyadan to‘qqiz nafar jismoniy shaxs va olti kompaniyani, jumladan, yirik ommaviy axborot vositalarini ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi o‘z rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Bunga sabab sifatida Kanada hukumati sanksiyalangan shaxs va kompaniyalarni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlovchi dezinformatsiya tarqatish va tashviqot qilishda ishtirok etgan, deb hisoblashi keltirilgan.

“Biz Rossiya Federatsiyasining xatti-harakatlarini tinchlik va xavfsizlikni qo‘pol ravishda buzish deb hisoblaymiz, bu jiddiy xalqaro inqirozni keltirib chiqardi”, deyiladi xabarda. 

Sanksiyaga uchragan Rossiya ommaviy axborot vositalari sifatida "Izvestiya", "Parlamentskaya gazeta" va REN-TV telekanali keltirilgan. Shuningdek, qatorda nufuzli dunyo gazetalariga Rossiya haqida materiallar tayyorlaydigan Russia Beyond media loyihasi ham bor. Bundan tashqari, Ijtimoiy-konservativ siyosat notijorat sheriklik markazi va Rossiya Fanlar Akademiyasining Davlat va huquq instituti ham sanksiyalangan. 

Sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan shaxslar orasida Rossiyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Igor Ivanov, Rossiya tarix jamiyati hamraisi va yangi maktab tarixi darsligi hammuallifi Aleksandr Chubaryan, qo‘shiqchi Yasemin va yana olti kishi mavjud.

Ma’lumot uchun, hozirda Rossiyaning 475 kompaniyasi va 1 ming 370 nafar jismoniy shaxs Kanada sanksiyalari ostida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq,  7 noyabr kuni G7 mamlakatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlari Tokiodagi muzokaralar chog‘ida “Katta yettilik” a’zolari Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llash va Ukrainaga yordam ko‘rsatish masalasida birdamligini tasdiqlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya sanktsiya OAV Kanada

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing