Kanada Kiyevga Rossiya hududida zirhli texnikasidan foydalanishga ruxsat berdi
Olam
−
16 avgust
4147Ukraina Rossiya Federatsiyasi hududida Kanada tomonidan taqdim etilgan tanklar va zirhli transport vositalaridan erkin foydalanishi mumkin. Bu haqda Kanada Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga tayanib, CBC telekanali xabar berdi.
“Ukrainaliklar o‘z vatanlarini qanday himoya qilishni yaxshiroq bilishadi va biz ularning salohiyatini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Kanada Ukrainaga topshirayotgan harbiy texnikadan foydalanishga geografik cheklovlar qo‘ymaydi”, deydi Mudofaa vazirligi vakili.
Aytilishicha, bu bayonot harbiy ekspertlarning Ukraina Rossiya Federatsiyasining Kursk viloyatidagi hujumini qancha davom ettirishi mumkinligi haqidagi taxminlari fonida berilgan.
Kanada Mudofaa vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, Ottava Kiyevga sakkizta Leopard 2A4 tanki, o‘nlab zirhli jangovar yordam mashinalari va yuzlab zirhli patrul mashinalari, shuningdek, bir qator M-777 155 mm gaubitsalarini yuborgan.
Shuningdek, kecha, 15 avgust kuni CNN tomonidan suratga olingan kadrda Kanadada ishlab chiqarilgan g‘ildirakli harbiy zirhli mashina Ukraina-Rossiya chegarasidan o‘tayotganini ko‘rish mumkin.
Ma’lumot uchun, Ukraina Qurolli kuchlari joriy yilning 6 avgust kunidan beri Rossiya Federatsiyasining Kursk viloyatida keng ko‘lamli hujumni amalga oshirmoqda. 9 avgust kuni Belgorod, Bryansk va Kursk viloyatlarida aksilterror operatsiyasi rejimi joriy etildi. Kursk gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov 12 avgust kuni 120 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingani yoki hududni tark etganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Prezidenti Jo Bayden Kiyevga taqdim etilgan F-16 samolyotlaridan uzoq masofaga uchirish mumkin bo‘lgan, qo‘shma “havo-yer” qanotli raketalarini Ukrainaga o‘tkazishga rozi bo‘lgani xabar qilingandi.
Zebo Turobjonova