“Kamp Nou” tashqarisida Messiga haykal qo‘yiladi

Sport

image

“Barselona” prezidenti Joan Laporta klub afsonasi Lionel Messining haykali yaqinda qayta ochiladigan “Kamp Nou” tashqarisida o‘rnatilishini ma’lum qildi. Kataloniya klubi tarixdagi eng yaxshi futbolchisini sharaflash uchun doimiy yodgorlik ustida ishlamoqda. Bu haqda “Goal” nashri xabar berdi.

Laporta Barselonada o‘tkazilgan kitob taqdimotida boshqaruv kengashi allaqachon Messi uchun doimiy hurmat ramzini muhokama qilganini tasdiqladi.

“Messi har doim “Barselona” bilan bog‘liq bo‘lib qoladi. Uning eshiklari ochiq, biz uni cheksiz hurmat qilamiz. U eng oliy darajadagi ehtiromga munosib”,  deydi Laporta.

Uning aytishicha, Messi haykali stadion tashqarisida Yoxan Kroyf va Ladislav Kubala haykallari qatoridan o‘rin oladi.

“U klub tarixiga o‘z izini qoldirgan eng buyuk futbolchilardan biri. Bu masalani yig‘ilishda muhokama qildik va ustida ishlayapmiz. Oila roziligi ham muhim. Muxlislar buni juda istashadi”, deya qo‘shimcha qildi Laporta.

Ta’mirlash uchun qariyb 900 kunga yopilgan “Kamp Nou” joriy yilning 7 noyabr kuni kuni 20 mingdan ortiq muxlis tashrif buyurgan ochiq mashg‘ulot bilan qayta ochilgan edi. 

Ma’lumot uchun, Messi “Barsa” akademiyasiga 13 yoshida qo‘shilgan va klub safida 778 ta o‘yinda 672 ta gol urgan. 21 yillik faoliyati davomida u jamoa bilan 10 ta La Liga, 4 ta Chempionlar Ligasi va 3 ta klublar o‘rtasidagi Jahon chempionligi kabi tarixiy sovrinlarni qo‘lga kiritgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Barselona” jamoasining sobiq futbolchisi Lionel Messi 2021 yilda klubdan ketgandan so‘ng ilk bor yangi “Kamp Nou”ga tashrif buyurib, o‘zining Instagram’ida “qachondir qaytib kelaman” deya izoh qoldirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Lionel' Messi Joan Laporta haykal

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing