“Kambag‘alni tuyani ustida ham it qopadi” – deputat “UzAuto Motors” monopoliyasiga qarshi chiqyapti
Jamiyat
−
10 mart 2020
32666Ma’lumki, kecha, 10 mart kuni O‘zbekistondagi yirik monopol shirkat “UzAuto Motors” avtomobillari narxini oshirdi. Mazkur holat jamiyatda ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Holatga nisbatan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Maqsud Qurbonboyev munosabat bildirdi.
“Mamlakatdagi yagona yengil avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblangan “UzAuto Motors” bir qator mahsulotlari narxini to‘satdan oshirdi.
Bu xalqimizning noroziligiga sabab bo‘ldi. Qonunchilik palatasi deputati va “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi sifatida ushbu holatda xalqimizning e’tirozlari o‘rinli deb bilaman”, deb gap boshlaydi deputat.
U “UzAuto Motors” rahbariyati oldiga beshta masalani qo‘yib, bularga javob kutayotganini ta’kidlaydi:
“UzAuto Motors” mutasaddilari quyidagi masalalar bo‘yicha o‘z munosabatini bildirishidan umid qilib qolamiz. Har qalay deputatlar ular ishlab chiqarayotgan mashinaning eng asosiy haridori hisoblangan shu xalqning vakillari hisoblanadi.
Birinchidan, nega “UzAuto Motors” na saytida, na biror bir boshqa ommaviy axborot vositalarida narxlari oshganini rasmiy xabar va tushuntirish tarzida ma’lum qilmayapti? Xuddi ayb ish qilayotgandek, saytning ichki qismidagi narxnoma imi-jimida yangilab qo‘yish, e’lon qilishga kirmaydi.
Ikkinchidan, xo‘p narxlar oshishga oshibdi. Biroq nima sababdan, umumiy qilib qaysi omillar tufayli oshganini iste’molchi bilishga haqqi bormi yoki yo‘qmi?
Uchinchidan, nega aynan xalqimiz orasida eng talabgir hamda “ekonom” hisoblangan Damas, Spark, Nexia, Cobalt va Lacetti kabi avtomobillar narxi oshirilmoqda. Oylikka qarab qolmagan, nisbatan o‘ziga to‘qlar harid qiladigan Malibu 2, Tracker, Trailblazer, Equinox, Traverse va Tahoe narxlari esa o‘zgartirishsiz qolmoqda. Yoki bu “Kambag‘alni tuyani ustida ham it qopadi” naqlining amaldagi ifodasimi?
To‘rtinchidan, oshirilgan narxlar eksportga chiqarilayotgan mashinalarga taaluqlimi? O‘zi nima uchun “UzAuto Motors” hanuzgacha eksportga ichki bozordan ancha arzon narxda avtomobil sotmoqda. Misol uchun bizda 30 000 ming AQSH dollaridagi Malibu 2, boshqa davlatlarda ikki barobar arzon narxlarda sotilmoqda.
Beshinchidan, mamlakatimiz ichki bozorida hamyonbop avtomobillar sotuvi bo‘yicha boshqa davlatlar avtomobillari sotuvi yildan yilga oshib borayotgan bir sharoitda mahalliy ishlab chiqaruvchimizning narxlarni oshirish to‘g‘risidagi qarori qaysi bozor qonuniyatlariga to‘g‘ri keladi?
Bu ochiqdan-ochiq bozorni qolganlarga bo‘shatib qo‘yishga harakatga o‘xshab ko‘rinmayaptimi? Yoki su’niy ravishda kasotga (bankrot) uchratish nazarada tutilganmi, agar unday bo‘lsa 20 mingga yaqin ishchilar, qorako‘zlarimiz taqdiri nima bo‘ladi?
Xullas savollar ko‘p, ammo hozircha javoblar yo‘q. Shu o‘rinda ko‘pchilikni bir mulohoza qiziqtirayapti. Darhaqiqat, yuqoridagi narxlari oshirilgan mashinalar eng xaridorgir hisoblanadi. Ularning sotib oluvchilari miqdori ham yuqori.
Shu o‘rinda talabning yuqoriligini inobatga olgan holda, ular narxini biroz arzonlashtirib, yana ham ko‘p mashina sotuvini yo‘lga qo‘yish orqali foydani ko‘paytirish ham mumkin-ku. Axir bu ham oddiy bozor qonuniyati-ku.
Narxlar nimaga asoslanib oshirildi, mashinalar tan narxi qaysi mezonlar asosida shakllantiriladi kabi ko‘plab masalalar ochiq, oshkora bo‘lganida milliy avtosanoatimizga bu qadar ko‘p e’tirozlarlar yog‘ilmas edi.
Umid qilamizki, “UzAuto Motors” mutasaddilari yuqoridagi savollarga batafsil javob berishadi hamda agar maqsadlari foyda ko‘rish bo‘lsa, bundan keyingi faoliyatlarini bozorning tabiiy qonuniyatlari asosida yo‘lga qo‘yish harakatini boshlashadi”.
Doimgidek, qilar ishni qilib qo‘ygan, monopoloiyani dastaklash bilan band bo‘lgan “UzAuto Motors” jim. Rasmiylar muloqotga kirishgani yo‘q. Savollar javobsiz qolishda davom etmoqda.
LiveBarchasi