Kambag‘allarning dunyoqarashini o‘zgartirish kerak, ular uyida yotmasin – Prezident (video)

Jamiyat

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik. 

Yig‘ilishda mamlakatdagi real kambag‘allik holatiga baho berildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu haqda gapirarkan, kambag‘allikni kamaytirish oylik yoki nafaqa miqdorini ko‘paytirish, yoppasiga kredit berish bilan o‘lchanmasligini ta’kidladi. 

“Kambag‘allikni kamaytirish oylik yoki nafaqa miqdorini ko‘paytirish, yoppasiga kredit berish, degani emas. Buning uchun, eng avvalo, aholini kasbga o‘qitish, moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda tadbirkorlik hissini uyg‘otish, infratuzilmani yaxshilash, farzandlarini o‘qitish, sifatli davolanish, manzilli nafaqa to‘lash tizimini joriy qilish kerak”, deydi Prezident Shavkat Mirziyoyev. 

Davlat rahbarining qayd etishicha, odamlarga pul emas, ish berish kerak. 30 yil davomida ularga pul berish bilan hech narsa o‘zgarmagan. Kambag‘allar uyida yotmasligi kerak. 

“Ularni ham o‘rgatish kerak. Har bir O‘zbekiston fuqarosi yashashga, dunyodagi bo‘layotgan globallashuv, o‘zgarishlarga tayyor bo‘lishi kerak. Kambag‘allarning ham dunyoqarashini o‘zgartirish kerak. Uyida yotish tizimi tugadi endi. Inontirish kerak, ishontirish kerak, hayrixoh qilish kerak. Unda ham ertangi kunga umid uyg‘otish kerak. Endi pul emas, ish berishimiz kerak. Imkon yaratishimiz, o‘qitishimiz kerak. Pul berish bilan hech narsa o‘zgarmadi 30 yilda. Endi manzilli ishga o‘tamiz. Har bir xonadonga asalarichilik, quyonchilik, chorvachilik, uzumchilik, limonchilik, tadbirkorlik, uddaburonlik, hunarmandchilik – hammasini o‘rgatamiz. O‘rgatmasak, bo‘lmaydi. Pul berib, tashlab ketish bilan natija bo‘lmadi. Mana shunday muhit yaratsak, o‘shanda o‘zgarish bo‘ladi”.

Prezident hokimlar oldiga “nima qilish kerak” degan savolni qo‘ydi. 

“Shiddat bilan vaqt o‘tyapti. Viloyat va tuman hokimlari, sizlarning umringiz o‘tyapti. Ochig‘ini aytish kerak, kambag‘allik ko‘p yillar yopiq mavzu edi. Endi hamma bildi. Biz bu masalani eng yuqori minbardan turib, ochiq-oydin gapirdik. Xalqimiz endi natija kutyapti. Odamlarimiz “Prezident aytdi, uyimga kelib, kim menga ko‘mak beradi, kim meni inontiradi, kim menga madad bo‘ladi, kim menga yo‘l ko‘rsatadi, kim meni o‘qitadi”, degan umid bilan yashayapti. Bu masalani tushunmagan va bunga e’tibor bermagan rahbar bundan keyin biz bilan ishlolmaydi”, deydi davlat rahbari. 

Ma’lumot o‘rnida, 34 millionlik O‘zbekiston aholisining 12-15 foiz yoki 4-5 millioni kambag‘al. Bu dastlabki hisob-kitoblar natijasi, xolos.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev kambag'allik

Baholaganlar

150

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing