Kambag‘al Ahmadinajoddan asalarichi Yushchenkogacha... Sobiq prezidentlar ayni damda nima bilan band?
Tahlil
−
30 may 2023 30108 8 daqiqa
Jamiyatda shunday insonlar borki, ular o‘z vazifasini bajarayotgan vaqtida qanchalik diqqat markazida bo‘lsa, o‘z o‘rnini boshqaga bo‘shatgach, millionlar nazaridan chetlashadi. Shunday bo‘lsada, ularning keyingi hayoti ham hech kimni befarq qoldirmaydi. Ular – faoliyatini yakunlagan sportchilar, san’atkorlar va sobiq prezidentlar. Odatda mamlakat yetakchilarining siyosiy faoliyati, yutuqlari, amalga oshirgan islohotlari haqida ko‘p gapiriladi. Ammo ularni prezidentlik lavozimidan ketgandan so‘ng hech kim eslamay qo‘yadi. Ba’zi davlat rahbarlari lavozimidan davlatga qarshi kuchlar tomonidan ketkazilsa, ba’zilari esa o‘zining aybi bilan prezidentlikdan tushishiga sabab bo‘ladi. Ha, o‘zining xohishi bilan “taxtdan tushgan” rahbarlar ham bor, ammo ba’zi diktator prezidentlardan xalq faqat o‘limidan so‘ng qutiladi. QALAMPIR.UZ e’tiboringizga ushbu maqolada turli xil sabablar bilan prezidentlikdan ketgan, sobiq davlat rahbarlarining ayni damda nimalar bilan mashg‘ul ekani haqida so‘z yuritadi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari
Bill Klinton
O‘zining prezidentlikdan shov-shuvli ketishi bilan ajralib turadigan AQSHning 42-davlat rahbari Bill Klinton 1946 yil 19 avgustda Arkanzas shtatida tug‘ilgan. U prezidentlikka saylanishidan oldin besh marta (1979-1981, 1983-1992) Arkanzas gubernatori etib saylangan. 1991 yil 3 oktyabrda Bill Klinton AQSH prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘yishini e’lon qildi. U 1993 yildan 2001 yilgacha AQSH Prezidenti bo‘lgan. Xo‘sh, Amerikaning kelishgan Prezidentining lavozimidan ketishiga nima sabab bo‘lgan?

1998 yilda Bill Klintonga nisbatan impichment e’lon qilinadi. Bunga Oq uyda amaliyotchi bo‘lgan Monika Levinskiy bilan jinsiy aloqada bo‘lgani haqidagi gap-so‘zlar sabab bo‘lgan. Ammo u buni rad etgan. Keyinchalik bu isbotlanib, Klinton yolg‘on axborot berishda ayblangan. Shunday qilib, Klinton impichment e’lon qilingan ikkinchi Amerika Prezidenti bo‘ldi, birinchisi 1868 yilda impichment e’lon qilingan Endryu Jonson edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, iste’foga chiqqanidan so‘ng, sobiq prezident Bill Klinton ma’ruzalar o‘qishni, kitoblar yozishni va pulli maslahatlar berishni boshlagan. So‘nggi yillarda Bill Klinton jamoat ishlarida faol ishtirok etdi, turli ijtimoiy-siyosiy va xayriya tashkilotlari a’zosidir.
2008 yilda u Ruandada klinikalar tarmog‘ini yaratgani uchun TED mukofotiga sazovor bo‘ldi. 2010 yilning 12 yanvarida Gaitidagi dahshatli zilziladan so‘ng Klinton jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun bir necha bor Gaiti Respublikasiga bordi. Shuningdek, Klinton 2012 yilgi prezidentlik saylovlarida Barak Obamaning saylovoldi kampaniyasida faol ishtirok etgan. Ammo u rafiqasi Xillari Klinton 2016 yilgi prezidentlik saylovlariga o‘z nomzodini qo‘yganidan so‘ng saylovchilarni rafiqasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, 2001-2015 yillarda uning rafiqasi Xillari bilan turli xalqaro tashkilotlarda o‘qigan qo‘shma ma’ruzalari Klintonlar oilasiga 153 million dollar daromad keltirgan.
Qayd etilishicha, AQSHning 42-prezidentining bir martalik ommaviy nutqi narxi 100 ming dollardan 300 ming dollargacha baholanadi.
Turkmaniston
Gurbanguli Berdimuhamedov
Dunyo rahbarlari orasida o‘zining otlarga qiziqishi bilan ajralib turuvchi Turkmanistonning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 1957 yil 29 iyun kuni mamlakatning Boboarab qishlog‘ida tug‘ilgan. Asli kasbi tish doktori bo‘lgan Berdimuhamedov 2007 yil 14 fevralda prezident etib saylangan. Shundan so‘ng mamlakatda uni ulug‘lash, nomini abadiylashtirish siyosati olib borildi. Unga hatto “Arqadag‘”, ya’ni himoyachi nomi ham berilgan. 2015 yilda “Ashxobod shahri jamoatchiligining ko‘plab iltimoslari bilan” shahar markazidagi yangi bog‘ uning sharafiga “Arkadag‘” deb ataldi.

Human Rights Watch tashkilotiga ko‘ra, Berdimuhamedov va uning qarindoshlari mamlakatda cheksiz hukmronlik o‘rnatgan bo‘lib, aholi hayotining barcha aspektini nazorat qiladi. 2010 yilda “Obozrevatel” jurnali Berdimuhamedovni 23 ta diktator ichida beshinchi eng yomon diktator deb topgan. Shunday qilib “Arqadag‘”ning hukmronlik yillari tashqaridan ko‘ringanda ancha tinch o‘tgan bo‘lsada, mamlakatda sezilarli pasayishlar kuzatilgan.

2022 yilning boshida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealar Arqadag‘ni havotirga solib qo‘ydi. “Mehribon Arqadag‘” o‘z xohishiga ko‘ra, hokimiyatni o‘g‘liga, ey yo‘g‘-ey, yoshlarga ishonib topshirishga ahd qildi.

2022 yil 11 fevral kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘z lavozimini yosh yetakchilarga topshirib, Xalq maslahati raisi sifatida qolishini aytdi. Shundan so‘ng, Markaziy saylov komissiyasi 2022 yilning 12 mart sanasini Turkmanistonda navbatdan tashqari Prezidentlik saylov kuni deb belgiladi. Uning o‘rnini Berdimuhamedovning arzandasi Serdar egalladi. Serdar Berdimuhamedov haqida QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan quyidagi maqolani o‘qishingiz mumkin.
Ammo Gurbanguli o‘g‘li Prezident bo‘lganiga hali ko‘p vaqt o‘tmasidan u “taxt”ni qaytarib olishi haqida gaplar bolaladi. Xususan, bu haqda Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg‘armasining “Carnegie Politika” nashri xabar tarqatdi.

Xo‘sh, “saxiy” ota hozirda nimalar bilan band? Arqadag‘ mamlakatda she’r va musiqa yozishi bilan tanilgan. Yaqinda u nevarasining to‘yiga atab she’r yozib chiqqandi. Bundan tashqari, Arqadag‘ o‘q otish, futbol o‘ynash kabi mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishi davlat ommaviy axborot vositalarida keng yoritilib kelinmoqda.
Ukraina
Viktor Yushchenko
Viktor Yushchenko 2005-2010 yillarda Ukrainani boshqargan uchinchi Prezident hisoblanadi. U 1954 yil 23 fevral kuni Sumi viloyatida o‘qituvchilar oilasida tavvalud topgan. 1999-2001 yillarda Ukraina Bosh vaziri, 1993-1999 yillarda Ukraina Milliy banki raisi bo‘lgan.
U mamlakatni “sariq inqilob”dan keyin boshqargan, biroq 2010 yilgi prezidentlik saylovlarida u atigi 5,45 foiz ovoz olgan. Iste’foga chiqqanidan keyin u Oliy Radaga hech qachon kira olmagan "Bizning Ukraina" partiyasini boshqargan.

Viktor Yushchenko hozirda Kiyev yaqinidagi Nove Bezradichi qishlog‘ida istiqomat qilib, o‘ziga tegishli tomorqada bug‘u va qunduz boqadi, shuningdek, asalarichilik bilan ham shug‘ullanadi. Viktor Yushchenkoning asali xalqaro asalarichilik ko‘rgazmalarida bir necha bor oltin medallarga sazovor bo‘ldi.

Sobiq prezidentning asalarichilik fermalaridan ixtisoslashtirilgan auksionlarda o‘n kilogrammlik bir barrel akatsiya asalining narxi 3000 dollardan boshlanadi.
Shuningdek, davlat ishlari ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda Viktor Yushchenko davlatdan jami 336 ming grivna, oyiga 28 ming grivna moliyaviy nafaqa olgan Ukrainaning yagona sobiq prezidenti bo‘lgan.
Eron
Mahmud Ahmadinajod
Mahmud Ahmadinajod 1956 yil 28 oktyabr kuni Garmsar shahrida tug‘ilgan. U Eron Islom Respublikasini 2005 yil 3 avgustdan 2013 yil 3 avgustgacha boshqargan rahbardir. Prezident bo‘lgunga qadar Ardabil viloyati hokimi va Tehron gubernatori lavozimlarida ishlagan. Uning prezidentlik davridagi eng muhim voqealardan biri bu Eron yadro dasturining rivojlanishini tezlashishidir.

Tashqi siyosatda u konservativ qarashlarga amal qildi, Amerika Prezidenti kichik Bush ma’muriyatini qattiq tanqid qildi va Eronning Rossiya hamda arab dunyosi bilan aloqalarini mustahkamlash tarafdori edi. Shuningdek, hokimiyatga kelgan Mahmud Ahmadinajod Eronning islom inqilobidan keyin boshlangan Isroilga qarshi siyosatini kuchaytirdi. Uning bu harakati hatto Kuba Prezidenti Fidel Kastro tomonidan ham tanqid qilindi. Uning davri bir qancha keskinliklar bilan o‘tdi.

2012 yilning bahorida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida parlamentdagi 290 o‘rinning qariyb to‘rtdan uch qismini Oyatulloh Xomanaiyning ittifoqchilari qo‘lga kiritdi, bu esa Ahmadinajod tarafdorlarining mag‘lubiyatini anglatardi.
Mahmud Ahmadinajod 2013 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok eta olmadi, chunki u allaqachon ikki muddat davomida mamlakat Prezidenti bo‘lishga ulgurgandi. Shu yili Hasan Ruhoniy Ahmadinajodning vorisi etib saylandi.
Ahmadinajod 3 avgust kuni ofisini tark etib, Narmakdagi shaxsiy uyiga qaytdi. U CNN kanaliga bergan intervyusida siyosatdan ketishini ma’lum qilgan. Ammo u siyosatdagi faoliyatini to‘xtatmagan. Prezidentlikdan ketganidan 2 kun o‘tgach, Oliy rahbar Ali Xomanaiy uni Maqsadlilik kengashi a’zosi etib tayinlash to‘g‘risida farmon chiqargan.

2017 yil aprel oyida prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun hujjatlarni topshirgan Mahmud Ahmadinajodning nomzodi Eron Kuzatuv kengashi tomonidan ruxsat berilmagan.
Siyosatda qolishga tish-tirnog‘i bilan yopishgan Ahmadinajod birin-ketin “o‘yin”lardan chiqariladi.
Sharqshunos Said G‘ofurovga ko‘ra, Ahmadinajod hozir ilm-fan bilan shug‘ullanadi, ma’ruzalar o‘qish bilan band. U universitetda ma’ruza o‘qishdan oyiga 250 dollar daromad evaziga kun kechirmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, u o‘zida deyarli mulk qoldirmagan. Uning mulk deklaratsiyasida 1977 yilda ishlab chiqarilgan Peugeot 504 avtomobili va 40 yil avval otasidan meros qolgan Tehronning eng qashshoq tumanlaridan birida kichik uy borligi qayd etilgan.
Shuningdek, Ahmadinajod universitetda ishlayotgan vaqtida g‘arb ommaviy axborot vositalarida uning jamoat transportida ishga qatnagani haqida shov-shuv ko‘tariladi. Shundan so‘ng hukumat u uchun maxsus avtomobil ajratgan. Uning rafiqasi esa farrosh bo‘lib ishlashi haqida ham xabarlar tarqalgan.
Qirg‘iziston
Asqar Akayev
Qirg‘iziston Respublikasining birinchi prezidenti Asqar Akayev 1990 yilda davlat rahbarligiga saylangan va 2005 yilda mamlakatda bo‘lib o‘tgan “Lola inqilobi” oqibatida o‘z lavozimidan ayrilgan. Keyin u mamlakatni tark etdi. Shundan so‘ng u Moskvaga ketib, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullandi.

Akayev Moskva davlat universiteti murakkab tizimlar matematika tadqiqotlari institutining yetakchi ilmiy xodimi, texnika fanlari doktori, 2006 yilda Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi etib saylandi. U Rossiyada 2016 yilda Oliy Iqtisodiyot maktabida ijtimoiy-siyosiy beqarorlik xatarlarini monitoring qilish ilmiy-o‘quv laboratoriyasiga rahbarlik qilgan. 150 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi va hammuallifi hisoblanadi.
2017 yilda Asqar Akayev va uning qizi Bermet muallifligida respublika kelajagi haqidagi “Qirg‘izistonning ilg‘or rivojlanish strategiyasi” kitobi taqdim etildi.
16 yillik surgundan so‘ng 2022 yilning 2 avgust kuni Akayev vatani – Qirg‘izistonga qaytarildi. Dastlab sobiq Prezident “Qumtor” oltin koni bo‘yicha Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan so‘roq qilindi. So‘ngra u mamlakatning amaldagi davlat rahbari Sadir Japarov bilan uchrashdi. Uchrashuvdan so‘ng Asqar Akayev matbuot anjumanida Qirg‘iziston Prezidentiga “hamma narsani aytib berish” imkoniyati uchun minnatdorlik bildirgan.

Yanvar oyi o‘rtalarida Prezident Sadir Japarov Asqar Akayev o‘tmishdagi xatolari uchun “xalq oldidagi aybini to‘liq kechirganini” e’lon qildi.
Shuningdek, yaqinda “24.kg” nashri Asqar Akayev va rafiqasi Mayram Akayeva mamlakatga kelgani haqida xabar tarqatdi. Sobiq prezident rafiqasi bilan joriy yilning 19 may kuni tunda qozoq-qirg‘iz chegarasini kesib o‘tgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular shaxsiy ishlari bilan kelgan, ammo Akayevlar qayerga ketgani hozircha noma’lum.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr