Arzanda. Prezidentlikka nomzod Sardor aslida kim?

Tahlil

image

Pandemiya avvalida soatlar to‘xtab qolgandek edi. Derazalar ortidan tashqariga boqarkanmiz, endi dunyo butkul boshqacha bo‘lishini kutgandik. Odamzod hammasidan xulosa chiqargandek edi. Qayday deysiz bu saboq? Aksincha, vaqt yanada uchyapti. Dunyo avvalgidan ham abgor, avvalgidan ham aziyatli, avvalgidan ham yaralarga boy. 

Kechagina Afg‘onistondagi 40 yillik urushga barham berilib, bir xalqning takror o‘z yo‘lini qurishdagi harakatlari kuzatilayotgan bir vaqtda yil boshidan Qozog‘iston oyoqqa turdi. Olmaotadagi portlash butun mintaqani larzaga keltirdi. Ag‘darilgan haykal emasdi. Bus-butun tarix, o‘zga qo‘yilgan shonli g‘urur minbari edi. 

Qozog‘istonni ham ko‘rdik. Unutishga ulgurmadik. Ukraina mojarosi alanga oldi. Urush kunlarini taxmin qilishni, kim yutishi ustida garov o‘ynashni boshladik. To‘xtang, deyishga haddi siqqanlar kam topildi. 

2022 yilning bor-yo‘g‘i 1,5 oyini yashadik. Har kuni yangi illat, har kuni yangi mojaro. Turkmanistondan xushxabar keldi. “Mehribon Arqadag‘” o‘z xohishiga ko‘ra, hokimiyatni o‘g‘liga, ey yo‘g‘-ey, yoshlarga ishonib topshirishga ahd qilibdi. Bu Qozog‘istondagi tranzit bo‘lib, tranzit bo‘lolmagan Hukumat inqirozi effekti emasmi? 

Yozda 65 yoshni qarshilaydigan Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov o‘zi aytganidek boshqaruvni yoshlarga topshirsa, o‘sha yosh kadr kim bo‘lishi mumkin? Mamlakatda o‘zini bo‘lg‘usi Prezident sifatida ko‘rishga “duxi” yetadigan faol siyosatdon bormi? Ajabo, o‘sha yosh kadr Berdimuhamedovning yakkayu yagona o‘g‘li Sardor emasmi? 

Xo‘sh, Berdimuhamedovning o‘g‘li taxtga o‘tirishga tayyormi? Biz u haqda otasining arzandasiligidan boshqa nimalar bilamiz? Bugun shular haqida gaplashamiz.

Arzandaning bolaligi

1981 yilning kuz oyining ilk kunlari. 22 sentyabr sanasida stomatolog Gurbanguli Berdimuhamedov oilasida ikki qizdan keyin kutilgan o‘g‘il farzand dunyoga keldi. Unga yetakchilarga xos xarakterga ega bo‘lsin deb Sardor ismi qo‘yildi.

Sardorning onasi – Ogulgerek Berdimuhamedova 1957 yilda tug‘ilgan. Internatda u haqida deyarli hech qanday ma’lumot yo‘q. Ogulgerek omma oldida juda kam ko‘rinish bergan. Yaqin vaqtgacha internetda Berdimuhamedovaning fotosuratlari umuman yo‘q edi. Sababi uni suratga olish qat’iyan taqiqlangan. Faqatgina, 2021 yilning noyabr oyida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va rafiqasi Emina Erdo‘g‘an Turkmanistonga tashrif buyurganidan so‘ng, Turkmaniston birinchi xonimining surati tarqaldi.

Sardor Berdimuhamedovning Guljamol va Gulshan ismli ikki opasi bor. Uning katta opasi Guljaxon Londonda istiqomat qiladi. U Turkmanistonning uglevodorod resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish davlat agentligining Buyuk Britaniyadagi vakili Ilasgeldi Amanovga turmushga chiqqan. Kichik opasi Gulshan esa Parijda yashaydi. U Turkmanistonning Fransiyadagi elchixonasi xodimi Derya Otaboyev bilan oila qurgan.

Kichik Berdimuhamedov 1987-1997 yillarda Ashxobod shahridagi 43-sonli o‘rta maktabda ta’lim oldi. U maktabni tamomlagach, 1997 yilda Saparmurod Niyozov nomidagi Turkmaniston qishloq xo‘jaligi universitetiga o‘qishga kirdi. O‘sha yili uning otasi Sog‘liqni saqlash va tibbiyot sanoati vaziri etib tayinlangan edi.

Bo‘lajak rahbarning oilasi

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sardar Berdimuhamedov 2001 yil, 20 yoshida oila qurgan. Lekin uning ayoli haqida qidiruv dasturlarida hech qanday ma’lumot yo‘q. Ularning Kerimguli ismli bir o‘g‘il va uchta qiz farzandi bor. Kichik Berdimuhamedovning shaxsiy hayoti har tomonlama yashirin. 

Turkman muxolifat matbuoti Sardor Berdimuhamedov Jeneva shahrida ishlagan vaqtda, uning farzandlari eng nufuzli va qimmat “Ecolint” xalqaro maktabida tahsil olganini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Maktab ma’lumotlarining ochiqligi tufayli, Sardorning farzandlari bu maktabda oxirigacha o‘qimagan.

Siyosatdagi ilk qadamlar

Kichik Berdimuhamedov 2001 yilda oliygohni bitirib, bir muddat oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasining tashqi iqtisodiy aloqa bo‘limida ishladi. O‘sha yilning noyabr oyida, u otasining istagi bilan ikki yillik harbiy xizmatga bordi. 2003 yilda Sardor harbiy xizmatdan qaytib, Turkmaniston oziq-ovqat sanoati uyushmasining meva-sabzavot bo‘limida ish boshlaydi.

2006 yil 21 dekabr kuni Turkmanboshi – Prezident Saparmurod Niyozov vafot etgach, Gurbanguli Berdimuhamedov davlat boshqaruvini o‘z qo‘liga oldi. Hokimiyatga kelgan “Arqadag‘”, yagona o‘g‘lini Rossiyaga o‘qishga jo‘natdi. 2008-2011 yillar oralig‘ida kichik Berdimuhamedov Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik akademiyasida xalqaro munosabatlar fakultetida tahsil oldi.

Siyosiy karera

Sardor Berdimuhamedov o‘qishni tamomlagach, 2011-2013 yilda BMTning Jenevadagi (Shveysariya) bo‘limidagi Turkmaniston vakolatxonasida maslahatchi lavozimida ishladi. 2013 yilda xorijda siyosiy bilimlarni o‘zlashtirgan davlat rahbarining o‘g‘li vatanga qaytadi. “Arqadag‘” yagona o‘g‘lining yog‘i ostiga qo‘y so‘yib, uni kutib oldi. Axir tarixda shohlar merosxo‘r shahzodani shunday kutib olgan-ku. 

“Arqadag‘” o‘z arzandasini Turkmaniston uglevodorod resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish davlat agentligi direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Arzanda otasining soyasida asta-sekin o‘sib bordi. 

2014 yilda Sardor Berdimuhamedov Turkmaniston fanlar akademiyasida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi, bir yil o‘tmay texnika fanlari doktori darajasini oldi. U, shuningdek, Milliy jang san’ati federatsiyasini ham boshqardi va otasi tomonidan “Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. 

2016 yilda kichik Berdimuhamedov Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro axborot boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. 

Prezidentlikka qadam

2019 yilning iyul-avgust oyida, kutilmaganda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning ahvoli og‘irlashib qoldi. Hatto, ijtimoiy tarmoqlarda “Turkmaniston rahbari vafot etdi”, degan xabarlar ham tarqaldi. Shundan so‘ng “Arqadag‘” o‘zini boqiy emasligini sezib, o‘g‘liga birma-bir katta lavozimlarni in’om qildi. Axir, 2006 yilda Turkmanistonning birinchi Prezidenti Saparmurod Niyozov kutilmaganda vafot etishi ortidan, uning o‘g‘li Murod Niyozov rahbarlik kursisini egallay olmagan edi. Berdimuhamedov tushundiki, agar hokimiyatda umrining oxirgacha qolsa, qaytar dunyo bo‘lib taxt boshqaning qo‘liga o‘tib ketishi mumkin.

2021 yil 11 fevral kuni kichik Berdimuhamedov otasi tomonidan Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga qo‘yildi. Shuningdek, u Axalteke yilqichilik xalqaro uyushmasi va “Turkman Alabay” xalqaro uyushmasiga rahbarlik qiladi. Shu tariqa, “Arqadag‘” o‘z o‘g‘lini hokimiyat pillapoyasiga ko‘tarishni boshladi. 2022 yilning boshida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealar bu jarayonni tezlashtirib yubordi.

2022 yil 11 fevral kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘z lavozimini yosh yetakchilarga topshirib, Xalq maslahati raisi sifatida qolishini aytdi. Shundan so‘ng, Markaziy Saylov komissiyasi 2022 yilning 12 mart sanasini Turkmanistonda navbatdan tashqari Prezidentlik saylov kuni deb belgiladi. 

Qizig‘i shundaki, har qanday prezidentlik sayloviga kamida uch oy tayyorgarlik ko‘riladi. Turkmanistonda esa bu jarayon 24 kun ichidan bo‘lib o‘tadi. Shundan ham sezishimiz mumkinki, “Arqadag‘” tezroq taxtni o‘g‘liga topshirmoqchi.

14 fevral kuni “Arqadag‘”ning arzandasi Sardor Berdimuhamedovning nomzodi otasi raislik qiluvchi “Turkmaniston demokratik partiyasi”dan ilgari surilgan. Sardor ayni damda 41 yoshda bo‘lib, u mamlakatda otasidan so‘ng eng obro‘li shaxs hisoblanadi.

Turkmanistondagi vaziyat bo‘yicha bir nechta siyosatshunoslar o‘z fikrlarini bildirishdi. Xususan, Rossiya Fanlar akademiyasining Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy tadqiqot institutining possovet tadqiqotlari markazi katta ilmiy xodimi Stanislav Pritchin TASS muxbiri bilan suhbatda shunday fikr bildirdi:

“Qozog‘iston misoli shuni ko‘rsatdiki, hokimiyatni topshirishga oldindan tayyorgarlik ko‘rish kerak va vaziyat o‘zgarib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Gurbanguli Berdimuhamedov sekin-asta davlat ishlaridan uzoqlashadi, o‘g‘li esa mamlakat ravnaqi uchun javobgar bo‘ladi”.

Hukmron Demokratik partiyaning 14 fevral kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari qurultoyida Berdimuhammedov nomzodi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Unda ishtirok etgan Bosh vazirning amaldagi o‘rinbosari Sardor Berdimuhamedov yig‘ilganlarga bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirib, agar u prezidentlikka saylansa, “u ajdodlarning ma’naviy tamoyillari va merosiga amal qilishda davom etishiga, bu yo‘lda bor kuch-g‘ayratini ayamaslikka, Vatan va xalq farovonligi, millat rahbarining tarixiy va’dalarini hayotga tatbiq etishga qunt va ijodiy yondashishiga” ishontirgan.

Xulosa qilib aytganda, “Arqadag‘” o‘z o‘g‘lini Prezident qilib, o‘zi Nazarboyev singari xalq maslahati raisi sifatida parda ortidan turib mamlakatni boshqarishni reja qilgandek. Ammo bu reja qanchalik samarali ekanligini vaqt ko‘rsatadi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

877

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing