“Kalmar o‘yini” serialini noqonuniy sotgan talaba o‘limga hukm qilindi
Olam
−
25 noyabr 2021
19483Koreya Xalq Demokratik Respublikasida Janubiy Koreya kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Kalmar o‘yini” serialini ko‘chirib sotgan talaba o‘limga, serialni tomosha qilgan yuqori maktab o‘quvchilari esa besh yillik majburiy mehnatga hukm qilindi. Maktab xodimlari ishdan bo‘shatilgan. Bu haqda “Forbes” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, talaba serialni Xitoyda flesh xotiraga ko‘chirib olgan va uyiga qaytganidan so‘ng nusxa ko‘paytirib hamyurtlariga sotgan.
Hukumat vakillari 7 nafar maktab o‘quvchisining koreys tilidagi “Kalmar o‘yini” serialini tomosha qilib o‘tirganida ushlab olgan. O‘quvchilardan oltitasi besh yil majburiy mehnatga, bir nafari esa umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Maktab xodimlari esa ishdan bo‘shatilgan.
“Hukumat bunga jiddiy qaraydi, chunki bunday holatlar yoshlarning ta’lim olishini buzadi. Markaziy qo‘mita maktab direktori, yoshlar ishlari bo‘yicha kotib va sinf rahbarini ishdan bo‘shatdi”, degan manba.
Qayd etilishicha, o‘quvchilar va kontrabandachi talaba qo‘lga tushgandan so‘ng, rasmiylar bozorlardagi xotira saqlash moslamalari hamda xorijiy ommaviy axborot vositalarini o‘z ichiga olgan video disklarning hammasini nazorat qilib chiqqan.
“Aholining barchasi qo‘rquvdan titrayapti, chunki ular qanchalik kichik bo‘lishidan qat’i nazar, xotira saqlash moslamalarini sotib olgan yoki sotgan. Buning uchun shafqatsizlarcha jazolanishi mumkin”, degan yana bir manba.
Ma’lumot o‘rnida, KXDRda o‘tgan yili kapitalistik mamlakatlar videomahsulotlarini olib kirganlik va tarqatganlik uchun jazolash ko‘zda tutilgan qonun qabul qilingan. Ushbu qonun bo‘yicha birinchi marta fuqaro o‘lim jazosiga hukm qilindi.
Eslatib o‘tamiz, “Kalmar o‘yini” seriali kinorejissyor Xvan Don Xyok tomonidan ishlangan. Uning premerasi joriy yilning 17 sentyabr kuni Netflix platformasida bo‘lib o‘tgan. 25 kun davomida 111 milliondan ortiq tomosha qilinib, dunyoning 94 davlatida top-10 talikda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.
LiveBarchasi