Qo‘yliqda “qaychili o‘g‘ri” qo‘lga tushdi (video)

3-sahifa

image

Poytaxt Toshkentning Bektemir tumanida qarovsiz qoldirilgan avtomobillardan jami 90 million so‘mdan ortiq pul o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchi Qo‘yliq dehqon bozori hududida turgan Nexia-2 avtomobilini qaychi yordamida ochib, avval salonni, so‘ng yukxonani ko‘zdan kechirgan va u yerdan 76 million so‘mdan ortiq pul mablag‘larini qo‘lga kiritib, voqea joyidan yashiringan.

“Atrofni kuzatib turganimda mashinadan pul tushirib olib ketayotgan erkakni ko‘rdim. U ketgach, hech kim yo‘qligidan foydalanib, mashinada signalizatsiya ham yo‘qligini bilib oldim. Shunda imkoniyatdan foydalanib, qora paketdagi pullarni oldim”, deydi gumonlanuvchi. 

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, u yana o‘sha hududga qaytadi. Bu safar eshiklari ochiq qoldirilgan Cobalt avtomobilini osonlikcha ochib, uning salonida bo‘lgan 17 million so‘m pulni o‘g‘irlab, yana g‘oyib bo‘ladi.

“Telefonda gaplashib ketayotgan egasi mashinani qulflamasdan ketib qoldi. Shundan foydalanib, salondagi pullarni oldim. Qilgan ishimdan pushaymonman”, deydi u. 

Shu voqealardan keyin ham u Bektemir tumaniga yana jinoyat sodir etish maqsadida kelganida, tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan.

Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumon qilinuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mast holda avtomobil olib qochgan sudya 7 yilga qamalgani haqida xabar qilingandi.

Komila Qobilova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Toshkent Qo'yliq O'g'rilik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing