“Qo‘yliq” bozorida odamni yuzidan biluvchi kameralar o‘rnatildi
Jamiyat
−
21 yanvar 2020
5370Toshkent shahridagi “Qo‘yliq” bozori hududida 210 ta IP kamera va kirish va chiqishda 3 ta insonni yuzidan tanib oluvchi intellektual kameralar o‘rnatildi. Bu haqda poytaxtning Bektemir tumanida Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari U.Tursunov, tuman hokimi o‘rinbosari F.Nig‘monov, tuman prokurori D.Otajonov, soliq va sanitar-epidemiologiya nazorat vakillari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda aytib o‘tilgan.
Yig‘ilishda bozor hududida avtomobillar to‘xtash joyini tashkil qilish haqida taklif berilgan, savdo rastalarida ishlovchilar va xaridorlar uchun muhim e’lonlarni uzatib turish uchun radiouzel hamda jamoatchilik nazorati maskani tashkil etilganiga urg‘u berildi.
Yig‘ilishda yana bozor xodimlari uchun maxsus uniforma joriy etish, pichoq sotiladigan rastalarda qulflanadigan oynavand rastalar barpo etish, umumiy ovqatlanish joylari va dorixonalarda alkogolli va tarkibida spirt bo‘lgan mahsulotlarni sotish ustidan nazoratni kuchaytirish, bozor hududida va unga yondosh hududlarda alkogolni quyib sotishni taqiqlash hamda bozorda yurish-turish qoidalari bayon etilgan maxsus bukletlar tayyorlash va tarqatish, shuningdek bozor hududida bannerlar o‘rnatish kabi takliflar berilgan.
LiveBarchasi