“Qo‘ylar namoyishi”ni uyushtirganlarga chora ko‘riladimi? IIB izoh berdi
Jamiyat
−
09 aprel 2021
10327Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Nurobod tumani hokimligi binosi oldiga qo‘y haydab kelingani haqida video va xabarlar tarqalgandi. Samarqand viloyati hokimligida Nurobod tumani sektor rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar бермоқда.
Matbuot anjumanida jurnalistlar mazkur holatning huquqiy oqibatlari bilan qiziqdi. Qo‘ylarni tuman hokimligi binosi oldiga haydab kelgan kishilarga nisbatan chora ko‘rilmaydimi, deb so‘radi.
Bunga javoban, tuman IIB boshlig‘i aholi va fermer xo‘jaligi, klaster korxonasi rahbarlari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilgani va bu holat yuzasidan hech kimga nisbatan biror bir huquqiy chora ko‘rilmasligini ma’lum qildi.
Shuningdek, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Qilichli mahallasi uning sektori hududiga kirishi va yil boshidan buyon mahallada aholi bilan to‘rt marta uchrashuv o‘tkazgan bo‘lsa-da, yaylov masalasida murojaat tushmaganini qayd etgan.
“Bu qishloq tuman markaziga yaqin hududda joylashgan. 3300 aholi yashaydi va ular asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi, lekin biror marta shu klaster bilan bog‘liq muammo chiqmagan. Kechagi voqealar yangi tartib bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini keng ko‘lamda olib borish lozimligini ko‘rsatdi va bu boradagi ishlarni yanada jonlantiramiz”, deydi tuman IIB boshlig‘i.
Matbuot anjumani chog‘ida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tarqatilgan Nurobod tumani hokimining 40 gektarlik yaylov yerlarni sohta hujjatlar asosida lalmikor maydon sifatida tadbirkorga berib yuborgani va mazkur qaror bekor qilingani bilan bog‘liq xabar bo‘yicha ham mas’ullardan izoh so‘ralgan.
Tumanga yaqinda tayinlangan prokuror Norsuluv Soyipova mazkur holat Qilichli mahallasida yuzaga kelgan vaziyatga bog‘liq emasligi va bu tumanning Ag‘ron mahallasidagi “Ag‘ron Ingichka soy dalalari” fermer xo‘jaligi bilan bog‘liqligini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, tadbirkorning 2020 yil 9 dekabrdagi murojaati asosida tuman hokimining 23 dekabrdagi qarori bilan unga tuman hokimligi zaxirasidagi lalmikor yerdan 40 gektar maydon 30 yil muddatga ajratib berilgan. Yer ajratishda fermerga yerdan samarali foydalanish, 30 million so‘m sarmoya kiritish va ish o‘rni yaratish shartlari qo‘yilgan. Ammo tadbirkor 5 mart kuni hokimlikka qayta murojaat qilib, yerni qaytarib olishni so‘ragan. 29 martda hokim qarori bilan zaxiraga qaytarib olingan.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ham voqea yuzasidan izoh bergandi.
Shuningdek, bu masala Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ham o‘rganildi. “Qo‘ylar namoyishi”ga sabab bo‘lgan hokim qarori bekor qilindi.
LiveBarchasi