Quyi Chirchiqda er xotinini o‘ldirishida IIB xodimi ham aybdormi? Viloyat IIBB tilga kirdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Quyi Chirchiqda erkak xotinini bog‘chada kaltaklab keyinchalik pichoqlab o‘ldirganida Ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektorining ham aybdorligi haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.

“Huquqiy jihatdan ayni vaqtda (holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari o‘tkazilayotgan vaqt) voqea yuzasidan biror shaxsni ayblash, daxldorlikni e’lon qilish amaldagi qonunchilikka zid.

O‘tkazilayotgan tergov harakatlari va xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra voqeaga daxldor har bir shaxsning (IIB xodimining ham) harakatlariga huquqiy baho beriladi va aybdorlik darajasidan kelib chiqib ta’sir chorasi ko‘riladi. Ish tugatilgach natijasi yuzasidan jamoatchilik va OAV vakillariga axborot taqdim qilinadi”, deyiladi munosabatda.

Qayd etilishicha, joriy yilning 24 avgust kuni soat 19:00 larda ayol IIBga murojaat qilib, eri u bilan janjallashib, SMS xabarlarni ko‘rish maqsadida telefonini tortib olganini ma’lum qilgan.

Profilaktika inspektori murojaatga asosan yetib kelgan va ayol (marhuma)dan otasi ishtirokida ariza qabul qilib, uning eri S.X.ni qidirishga kirishib, yashash manzili, qarindosh va yaqinlari xonadonlarida bo‘lib surishtiruv olib borgan. Shu jarayonda oradan bir necha soat o‘tib, tongga yaqin, yuqorida qayd etilgan jinoyat sodir bo‘lgan. Voqeada gumonlanuvchi fuqaro S.X. ushlanib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Ijtimoiy tarmoq faollaridan, hozirda holat yuzasidan biror kimga ayblov qo‘yishga shoshilmaslikni so‘raymiz. Toshkent viloyati IIBB jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan har qanday tazyiq, zo‘ravonlikka nisbatan keskin va murosasizligini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda. 

Ta’kidlanishicha, holat to‘liq, qonuniy tahlil qilinib, yakunida har bir xodimning va boshqa voqea ishtirokchilari (gumonlanuvchi) harakatlariga huquqiy baho beriladi.

Eslatib o‘tamiz, Quyi Chirchiq tumanidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotidagi bolalar ko‘z o‘ngida ayol eri tomonidan kaltaklangandi. Keyinchalik esa er ayolini pichoqlab o‘ldirgan. 

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Quyi Chirchiq tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

608

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing