Quyosh tizimidagi sirli to‘qqizinchi sayyoraga oid yangi dalil topildi

Olam

−

image

Tayvanlik olimlar eski kosmik kuzatuvlar ma’lumotlarini tahlil qilib, Quyosh tizimining taxminiy to‘qqizinchi sayyorasi – Planet Nine bo‘lishi mumkin bo‘lgan ob’ektni aniqladi. Bu haqda “The Economic Times” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Tayvanning Milliy Sing Xua universiteti olimi Terri Long Fan boshchiligidagi tadqiqotchilar 1983 yilda Infrared Astronomical Satellite va 2006–2007 yillarda Yaponiyaning AKARI kosmik apparati tomonidan olingan ma’lumotlarni o‘zaro taqqoslagan.

Ikki kuzatuv oralig‘idagi 23 yillik farq olimlarga osmon jismlarining harakatini aniqlash imkonini bergan. Natijada millionlab signallar orasidan osmon bo‘ylab 47,46 burchak daqiqasiga siljigan ob’ekt topilgan. Uning harakati va infraqizil nurlanishi uzoqda joylashgan yirik sayyora haqidagi taxminlarga mos kelgan.

Tadqiqotchilar dastlab sayyora bo‘lishi mumkin bo‘lgan 22 ta ob’ektni aniqlagan. Keyingi tahlillar natijasida ularning soni 13 taga, so‘ng esa bittaga qisqargan. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu ob’ektning massasi Yernikidan 7-17 baravar katta bo‘lishi mumkin.

Mutaxassislar bunday uzoqlikdagi osmon jismlarini oddiy optik teleskoplar yordamida aniqlash qiyinligini ta’kidlamoqda. Quyoshdan 500-700 astronomik birlik masofada joylashgan ob’ektlarga uning nuri juda zaif yetib boradi. Biroq yirik sayyoralar o‘z ichki issiqligini tarqatadi va bu nurlanishni infraqizil qurilmalar orqali aniqlash mumkin.

Planet Nine mavjudligi haqidagi taxmin Neptun orbitasidan tashqarida joylashgan ayrim muzli jismlarning noodatiy harakatlariga asoslangan. Ularning orbitalari ma’lum hududlarda to‘plangandek ko‘rinishi bu jismlarga katta osmon jismi gravitatsion ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lishi mumkinligini anglatadi.

Yangi aniqlangan ob’ektning joylashuvi ham ushbu taxminlarga mos keladi. Agar u haqiqatan ham mavjud bo‘lsa va Planet Nine ekani tasdiqlansa, olimlar Quyosh tizimining chekka qismidagi ayrim jismlar nima sababdan noodatiy orbitalarda harakatlanishini tushuntirishga yaqinlashishi mumkin.

Tadqiqot natijalari “Publications of the Astronomical Society of Australia” ilmiy jurnalida e’lon qilingan. Biroq olimlar hozircha topilgan ob’ektni yangi sayyora deb tasdiqlamagan.

Keyingi bosqichda tadqiqotchilar Chilidagi 4 metrlik Blanco teleskopiga o‘rnatilgan Dark Energy Camera yordamida ob’ektni qayta kuzatishni rejalashtirmoqda. Bu uning hozirgi joylashuvi va harakatini aniqlash, shuningdek, taxmin qilingan orbitaga mos kelishini tekshirish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq nemis olimlari Saturnning Enselad yo‘ldoshidagi muz osti okeanida ayrim mikroorganizmlar yashashi mumkinligini laboratoriya tajribasida ko‘rsatgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing