Quyosh panellari. Tadbirkor 500 millionlik go‘shtiga “kuydi”
Tahlil
−
04 Oktabr
16638Hali qish kirib kelmadi, ammo uning tadorigi O‘zbekistonda allaqachon boshlangan. Ba’zan bu tayyorgarlik majburlovga, ba’zan bosimga ham aylanayotganidan xabaringiz bordir. Gap yana quyosh panellari haqida bormoqda. QALAMPIR.UZ bu haqda ko‘p gapirdi. Tadbirkorlardan kelayotgan murojaatlarni o‘rgandi, bu bo‘yicha video materiallar tayyorladi, mas’ullarni so‘roqqa tutdi, tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilishi kerak bo‘lgan Biznes Ombudsmanni qidiruvga berdi. Natija nima bo‘ldi deysizmi? Hali hamon tadbirkorlar bu muammodan qutula olmayapti, panel o‘rnatmasa chiroqlari uzilyapti, bundan esa ziyon ustiga ziyon ko‘ryapti. Buni qarangki, Energetika vazirligi ham, Hududiy elektr tarmoqlari, mahalliy hokimiyatlar ham bunday majburlovlarni rad etib chiqmoqda. Kuni kecha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi ilk bor mamlakatda bunday majburlovlar sodir bo‘layotganini tan olib, muammoga uchragan tadbirkorlarga yordam bermoqchiligi, ular sudga murojaat qilish huquqlariga egaligini bayon qildi.
“Birinchidan, iste’molchi va ta’minotchi korxona o‘rtasida tuzilgan shartnomada yozib qo‘yilgan. Qaysi paytda iste’molchi elektr tokidan uzilib qo‘yishi belgilangan. Shundan kelib chiqqan holda iste’molchilar ham o‘z haq-huquqini to‘g‘ri bilib, bunday paytlarda iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga yoki sudga murojaat qilishlari kerak”, dedi inspeksiya direktori o‘rinbosari Xurshidjon Eshqo‘ziyev. Hamma davlat tashkiloti yordam beraman deydi, lekin haqiqatdan ham yordam beradigan mard yo‘q. Mana, masalan, Namanganda yarimtayyor go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor Bilol Usmonovning elektri kecha uzib ketilgan. Shuningdek, Usmonovning yon-atrofidagi boshqa tadbirkorlar ham bugun, ayni paytda elektrsiz o‘tiribdi. “15 sentyabr kuni kelishib, majburiy tarzda quyosh panellarini o‘rnatishimizni aytishdi va 30 sentyabr kunigacha muhlat berishdi. 2 oktyarb kuni kelishib quyosh panelini o‘rnatolmaganimni ko‘rishib, hech kim yo‘g‘ida elektrni uzib ketishgan. Mening korxonam oldida non ishlab chiqaradigan korxona va boshqa sexlar ham bor. Hammamizniki uzilgan. Birgina mening korxonamda 6-7 tonna go‘sht mahsuloti bor edi. Doimiy mijozlar bilan ishlaganimiz hisobiga u yerda muzlatilgan holatda turishi kerak ”, dedi tadbirkor.
Bir muddat avval Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar ham yoppasiga elektrdan uzib qo‘yilgan, ayrimlari esa uzib qo‘yish bilan qo‘rqitilgan. Tadbirkorlar bunday xatti-harakatlar noqonuniy ekanini aytib, hech qanday qarzdorligi mavjud emasligini aytsa ham ular quloq solishmagan.
Quyosh panelini o‘rnattirishga hamma javobgar-u, uning tahliliyu taqdirini birov bo‘yniga olgisi kelmaydi.
Bunday sharoitda quyosh panellari ko‘r-ko‘rona o‘rnatilmayapti deb kim kafolat beradi? Shuning uchun bugun quyosh panellarini tomiga ko‘z-ko‘z qilib o‘rnatib qo‘ygan, ammo ishlatmayotgan davlat idoralari yo‘q emas.
Shunday ekan, qisholdi, balki aniq hisob-kitoblar e’lon qilinar. Shunda qishning sovug‘idan, unda elektrning huda-behuda o‘chaverishidan bezor tadbirkorlar o‘z xohishi bilan quyosh panellarini afzal bilarmidi?
Ha aytgancha, Biznes Ombudsman hali ham topilmadi.
Biroq mansabdorlarning bu xatti-harakati esa tadbirkorlarga qimmatga tushmoqda. Ular bir kun elektr bo‘lmasa ham bo‘ynigacha bankrot bo‘lish ehtimoli katta. Sut mahsulotlari, go‘sht mahsulotlarining aynishi, yaroqsizlanishi mumkin. Bu esa tadbirkorga ham, iste’molchilarga ham ziyon yetkazadi.
“Har bir do‘konda kamida 40 mln so‘mlik sut va go‘sht mahsulotlari bo‘ladi. Agar sovitkich ishlamasa, bir kunda aynib qoladi“, dedi Toshkent viloyatida savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor.
Xo‘sh, o‘zi tadbirkorlar nega yashil energiyaga o‘z xohishi bilan o‘tmayapti? Nima uchun birov majburlamasdanoq tinchgina quyosh panelini o‘rnatib qo‘ya qolmayapti ular. Gap uning narxida. Bugun quyosh panellarini o‘rnatish tadbirkordan yaxshigina mablag‘, katta xarajat talab qilmoqda. Buning ustiga o‘rnatilgan quyosh panellari energiya ehtiyojni to‘liq qoplay olmasa yana muammo ustiga muammo.
Panellar Xitoyning eng arzon va sifatsiz quyosh panellari ekani, qolaversa, geliyli akkumulyatorlar deb sotayotganlari, yarim geliyli, uzoq muddat tok bermaydigan, kafillik muddatiga javob bermaydigan, akkumulyatorlardir.
Birinchidan, Xitoyda haqiqiy geliyli akkumulyatorlar qimmat. Ikkinchidan, qimmat sifatli geliyli akkumulyatorlarni olib kelishsa, mijozlar qimmat deya olmaydi. Uchinchidan, olib kelinayotgan quyosh panellari monokristall va polikristal panellar. Bular osmonda bulut paydo bo‘lishi bilan tok bermay qo‘yadi. Odatda elektr energiya qishda ko‘p kerak bo‘ladi. Bu degani qishda, bulutli kunlarda elektr toki bermaydigan bunaqa quyosh panellarini sotib olishdan ne foyda?
Bundan bir yil oldin chamasi Xorazm viloyatida quyosh panelini o‘rnatgan tadbirkor uning aytarli foydasini ko‘rmagan.
“50 kVtlik quyosh panelidan faqat 20-25 kVt elektr ololasiz. Ya’ni yarmi. Foydaga kirishingiz uchun esa kamida 4-5 yil kerak. Agar shunda ham panelning akkumulyatori buzilmasa”, deydi xorazmlik tadbirkor.
Aslida quyosh panellari O‘zbekiston sharoiti uchun eng maqbul energiya bo‘lib, uning afzallik tomonlari ko‘p. Ammo bugun davlat uning afzalliklarini aniq raqamlar bilan aytib berolmayapti. Masalan, 2022 yildan mamlakatdagi barcha davlat idoralari va tashkilotlarining tom qismiga quyosh panellari o‘rnatila boshlandi. Shuningdek, tadbirkorlar ham 2019 yildan ommaviy tarzda quyosh panellarini o‘rnatishga targ‘ib qilina boshlandi. Ammo bugun qancha quyosh panellari o‘rnatilgani, ular qancha miqdorda O‘zbekiston elektr-energiyasini tejab qolayotgani, qancha mablag‘ tejalgani, o‘rnatilgan quyosh panellari o‘zi ishlayaptimi, yo‘qmi bu haqida aniq hisob-kitob, tahlil e’lon qilinmadi. Xo‘sh, buning uchun kim javobgar? Biz ayni savol bilan O‘zenergoinspeksiyaga yuzlandik.
“Biz o‘z vakolatimiz doirasida quyosh panellari bo‘yicha tahlil o‘tkazishga mas’ul emasmiz. Ammo avgust oyida o‘tkazgan o‘rganishlarimiz natijasida shu aniq bo‘ldiki, jami 71 ta idora quyosh panellarini o‘rnatib, lekin ishlatmagan. Ularda noto‘g‘ri o‘rnatish holatlari aniqlandi va biz tegishli hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarga topshirdik”, dedi o‘rinbosar.
LiveBarchasi