Quvayt Amiri ishni hukumatni iste’foga chiqarish bilan boshladi
Olam
−
20 dekabr 2023
7658Quvaytning yangi Amiri Shayx Mish’al al Ahmad al-Jobir as-Saboh hokimiyatga kelishi bilan hukumat iste’foga chiqdi. Bu haqda KUNA davlat axborot agentligi xabar berdi.
Bugun, 20 dekabr kuni Amir rasman qasamyod qilganidan keyingi birinchi nutqida qonunchilar va ijroiya hokimiyatni mamlakat va xalq manfaatlariga zarar yetkazayotgani uchun qattiq qoralagan. Amirning keskin bayonotidan bir necha daqiqa o‘tib, hukumat iste’foga chiqqan.
Milliy Assambleyadagi qasamyodidan so‘ng, Shayx Mish’al bir qator rasmiy lavozimlarga tayinlovlarni tanqid qilgan va bir qancha mahkumlar, jumladan, muxolifat vakillarining afv etilishiga qarshi chiqqan hamda buni Quvaytning o‘ziga xosligiga zarar deb atagan.
Yangi Amir Quvayt Fors ko‘rfazida, mintaqaviy va xalqaro darajada o‘z majburiyatlarini bajarishini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Mish’al al Ahmad al-Jobir as-Saboh 1940 yil 27 sentyabrda Shayx Ahmad I va uning rafiqasi Maryam Malit al-Huvayla oilasida tug‘ilgan. U butun umri davomida ichki ishlar tizimidagi turli lavozimlarda ishlagan. 83 yoshli Shayx Mish’al o‘gay akasi Shayx Navaf hukmronligi davrida Quvaytni amalda boshqargan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 dekabr kuni Quvaytni 2020 yil sentyabridan beri boshqarib kelayotgan amir shayx Navaf al-Ahmad al-Jobir as-Saboh 86 yoshida vafot etgandi.