Qo‘shtepa tumaniga yangi hokim tayinlandi
Jamiyat
−
23 fevral
6291Bugun, 23 fevral kuni Anvarjon Abdullayev Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirokida Xalq deputatlari Qo‘shtepa tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan.
Unda lavozimidan ozod etilgan Ilyosbek Novikov o‘rniga yangi tuman hokimini tayinlash bilan bog‘liq tashkiliy masala ko‘rilgan.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan taqdim etilgan Abdullayev Anvarjon Aliyevich nomzodi Qo‘shtepa tumani deputatlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan va hozirga qadar viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelgan Anvarjon Abdullayev Qo‘shtepa tumani hokimi etib tasdiqlangan.
Ma’lumot uchun, Anvarjon Abdullayev 1982 yilda Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida tug‘ilgan. 2004 yilda Farg‘ona politexnika institutini tamomlagan. 2004-2014 yillar davomida Qo‘qon shahar statistika bo‘limida, 2014-2022 yillarda Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston va Dang‘ara tumani hokimliklarida mas’ul lavozimlarda, 2022-2023 yillarda esa Farg‘ona viloyati mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.
U 2023 yildan tayinlovga qadar viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib faoliyat ko‘rsatib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumaniga yangi hokim tayinlangan edi.
LiveBarchasi