Qo‘shiqchilar “opa”sini sog‘inganini namoyishkorona aytishni boshladi
Jamiyat
−
25 iyun 2019
28761Sizga yaxshi ma’lum, bir necha kundirki, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova muhokamalar maydonining asosiy qahramoni bo‘lib turibdi. Uning qizi Imon Karimova onasi nomidan O‘zbekiston xalqiga va Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaatni e’lon qildi. Ushbu murojaatda xalqdan kechirim so‘ragan Gulnora Karimova pullari davlat byudjetiga yo‘naltirilganini ma’lum qilgan va Prezident Mirziyoyevning shafqatidan umid qilishini bildirgandi.
Gulnora jamoatchilik orasiga qaytishi yaqinmi? Bu savol ayni vaqtda ko‘pchilikni qiynayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda esa allaqachon xonim Karimovani qo‘llab-quvvatlash aksiyasi boshlab yuborildi. Albatta, bunda Karimovaga yaqin bo‘lgan xonandalar birinchi bo‘lib otni qamchiladi.
Xususan, “Bojalar” guruhi xonandasi Jahongir Poziljonov “Sizni sog‘indik, tezroq eson-omon oilangiz bag‘riga qaytishingizni tilab qolamiz. Sihat-salomatlik tilaymiz”, deb yozib, o‘zi va turmush o‘rtog‘ining Gulnora Karimova bilan tushgan suratini ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylashtirgan.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ziyoda Qobilova, “Nihol” mukofoti sovrindori Umidaxon Xojiyeva, aktrisalar Nargiza Salmonova, Jamila G‘ofurova ham Gulnora Karimovaning suratini Instagram’dagi sahifalariga joylashtirganlar.
Yuqorida nomlari keltirilgan xonandalar – Poziljonov, Qobilova va Xojiyeva Gulnora Karimova bilan o‘ta yaqin bo‘lgan. Ayniqsa, Poziljonov. Ular Karimovaning tor doiralardagi tadbirlarida ham ishtirok etgani haqida ma’lumotlar mavjud. Biroq, Gulnora Karimovaning boshi uzra qora bulutlar aylana boshlagan davrlar, 2013 yil oxirlarida Karimova Twitter’dagi sahifasi orqali xonanda Ziyoda Qobilovani qattiq tanqid qilgan edi.
Fond forum yopilishi, Gulnora Karimovaga nisbatan jinoyat ishi ochilishi ortidan uning boshlab qo‘ygan loyihalari ham tugatildi. Shulardan biri M&TVA – 2013 taqdimot marosimi edi. Yil yakunida bo‘lib o‘tishi an’anaga aylangan tadbirga 2013 yil oxirlarida ham katta tayyorgarlik ko‘rildi. Biroq, noyabr oyida boshlangan ishlar oqibatida Karimovaning loyihalariga janoza o‘qildi. Unga tegishli telekanallar, radio va gazetalar ham yopib qo‘yildi. Xalq orziqib kutayotgan taqdimot o‘rniga Madaniyat vazirligi, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan yangi arzon va chalajon loyiha o‘ylab topildi va u “E’tirof” degan nom oldi. O‘sha yili M&TVA o‘rnida o‘tkazilgan “E’tirof” taqdimot marosimida “Yilning eng yaxshi ayol xonandasi” nominatsiyasida g‘oliblik xonanda Ziyodaga nasib etdi. Ziyoda sahnaga chiqib kelarkan, ko‘z yoshlarini artdi, yig‘lagancha mukofotni qabul qilib oldi va ko‘zida yosh qalqib intervyu berdi.
TVda namoyish etilgan, OAVda ko‘p muhokama qilingan bu voqeadan Gulnora Karimova ham xabar topdi va Twitter’dagi sahifasida Ziyoda Qobilovani qattiq qoraladi. Unga ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni esladi, Ziyoda esa bularni oqlamaganini qo‘shimcha qildi. O‘shanda bu voqea shou-biznesda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi.
Qolaversa, Gulnora Karimova O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilovni ham qattiq qoralab, uni nonko‘rlikda ayblagandi. “Etagim atrofida aylanib, kuy chalganlar bugun ortimdan nimalar qilayotganiga qarab achinaman”, qabilida post qoldirgan edi Karimova.
Gulnora Karimovaning shirkatlari, xususan MTV telekanaliga qarshi qaratilgan ishlar avjiga chiqqanidan keyin, prokuratura unga barcha shou-biznes vakillari, telekanal bilan muntazam aloqa qilgan prodyuserlarni jalb qildi. O‘sha vaqtda MXXga borib, jon saqlab qolish maqsadida Gulnora Karimova va uning jamoasi ustidan shikoyat qilgan, unga qarshi bayonot bergan, Karimovadan aziyat chekkanini aytgan qo‘shiqchilar ham topildi. Aslida esa Gulnora qushdek yengil parvoz qilgan vaqtida ular “opa”ning qanotlari ostiga yashiringandi.
Norasmiy ma’lumotlardan yana biri shuki, o‘sha vaqtlarda ham Jahongir Poziljonov Gulnoraga sodiqligicha qolgan. Xonanda birdan mamlakatda yo‘q bo‘lib qoldi. Keyinroq, uning oilasi bilan Amerikaga ko‘chib o‘tgani haqida gaplar tarqaldi. Anchadan keyin Poziljonov O‘zbekistonga qaytdi. Ma’lumotlarga qaraganda, u o‘sha vaqtlarda Gulnoraga qarshi bayonot bermaslik uchun ham mamlakatni tark etgan. Unga qarshi bayonot bermagan bir necha san’atkorlar orasida O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova, Nilufar Usmonova, Alisher Uzoqov ham bor.
Gapning qisqasi, Gulnoraning qaytishiga nisbatan umid kuchayganga o‘xshaydi. Boisi, yetti o‘lchab bir kesadigan, qatiqni ham puflab ichadigan san’at ahli olti yil deganda aynan bugun “opa”sini sog‘inib qolarmidi...
LiveBarchasi