Qur’on yoqilishi ortidan Afg‘onistonda Shvetsiya vakolatxonalari yopildi

Olam

image

“Tolibon” Stokgolmda Qur’on yoqib yuborilgani munosabati bilan Shvetsiyaning Afg‘onistondagi vakolatxonalari ishini to‘xtatganini e’lon qildi. Bu haqda “Tolibon” muvaqqat hukumati vakili Zabihulloh Mujohid ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qildi.

“Shvetsiyada Qur’oni Karim va musulmonlar e’tiqodi tahqirlanganidan so‘ng Afg‘oniston Islom Amirligi (“Tolibon” qo‘llagan davlat nomi) musulmonlardan bu jirkanch harakati uchun uzr so‘ramaguncha Shvetsiyaning Afg‘oniston hududidagi har qanday faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, “Tolibon” boshqa musulmon davlatlarini Stokgolm bilan aloqalarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan.

2021 yil 15 avgust kuni “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgach, ko‘plab xorijiy davlatlar, jumladan, Shvetsiya Kobuldagi o‘z vakolatxonalarini yopgandi. Biroq Shvetsiyaning ayrim gumanitar tashkilotlari mamlakatdagi faoliyatini davom ettirdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 iyun kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmning markaziy maydonlaridan birida 37 yoshli iroqlik muhojir tomonidan Qur’on kitobi yoqib yuborilgandi. Bunga nisbatan bir qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar noroziligini bildirdi. Jumladan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qur’onning yoqilishi dinlararo adovat qo‘zg‘ashini aytib, bu holat jinoyat deya baholanishini hamda unga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagan edi. Shuningdek, Putinga uning Dog‘istonga safari davomida Qur’on sovg‘a qilishgandi.

Rasmiy Anqara ham Qur’onning yoqilishi yuzasidan Shvetsiyaga nisbatan noroziligini bildirib, ushbu mamlakat uchun NATOga a’zo bo‘lish “orzu” bo‘lib qolishini ma’lum qilgandi. Yevropa Ittifoqi Shvetsiyadagi voqealar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirib, muqaddas kitoblarning yoqilishi haqorat, hurmatsizlik va ochiq-oydin provokatsiya ekanini bildirgan. Shuningdek, Qur’onni yoqish bo‘yicha aksiya Ittifoq fikrini aks ettirmasligi ma’lum qilgan. 

AQSH ham Qur’onning yoqilishini qoralab, Shvetsiyadagi musulmonlarning huquqlaridan xavotirda ekanini bildirgan. Iroq Qur’onni yoqqan odam uning fuqarosi ekanini da’vo qilib, Shvetsiyadan uni ekstraditsiya qilishni talab etgandi. Iroqda, shuningdek, futbol bo‘yicha milliy chempionatning “Al-Shorta” va “Al-Qosim” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda Shvetsiyada Qur’onning yoqilishiga qarshi aksiya o‘laroq futbolchi va hakamlar maydonga Qur’on kitoblari bilan chiqishdi.

2 iyul kuni esa Islom hamkorlik tashkilotida Shvetsiyada Qur’onning yoqilishi yuzasidan navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazilgandi. 3 iyul kuni Rim papasi Fransisk Shvetsiyada Qur’on yoqilishini keskin qoralab, bu holat uni g‘azablantirganini ma’lum qildi. 5 iyul kuni esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Qur’onning yoqilishini qoraladi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon Shvetsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing