Qurol orqali to‘xtatilgan Malibu haydovchisi aroq va pivo ichib, “dupel” bo‘lib qolganini aytdi
3-sahifa
−
13 yanvar 2022
8523Xabaringiz bor, joriy yilning 7 yanvar kuni Toshkentda Ichki ishlar organlari xodimlari Malibu-2 avtomobilini o‘qotar qurol bilan to‘xtatgani aks etgan video tarqalgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, avtomobil haydovchisi voqeadan oldin 4 kun Beldersoyda dam olib, aroq va pivo ichib, “o‘chib qolgan”. Bu haqda haydovchi “UzreportTV” kanaliga bergan intervyusida ta’kidladi.
Qayd etilishicha, 7 yanvar kuni davlat raqami belgilarisiz qora rangli Malibu-2 avtomobilini boshqarib ketayotgan noma’lum shaxs cheklangan harakat tezligi belgilanishiga qaramasdan qarama-qarshi yo‘ldan yurib, Yo‘l patrul xizmati xodimlarining ishoralariga bo‘ysunmay, xavfli vaziyatni yuzaga keltirgan. Oqibatda YPX xodimlari xavfni bartarf etish va shubhali qoidabuzarni zararsizlantirish uchun keskin chora ko‘rishga majbur bo‘lgan. Xodimlardan biri xizmat qurolidan foydalanib, mashinani to‘xtatish maqsadida unga qarata bir necha bor o‘q uzgan. Natijada qoidabuzar ushlangan.
“Yunusobod tumani Yangi shahar ko‘chasida Malibu katta tezlik bilan harakatlanib kelayotganda, yo‘lni o‘rtasiga chiqib men unga “Diqqat” ishorasini berdim, ammo to‘xtamadi. Fuqarolar hayotiga xavf solgani, xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan harakatlangani tufayli Ichki ishlar vazirligining meyoriy qonun-talablariga asosan quroldan foydalanishga majbur bo‘ldim. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida avtomobil to‘xtatildi va tuman prokuraturasiga taqdim etildi”, deydi o‘qotar quroldan foydalangan YPX xodimi.
Haydovchi 2021 yilda xavfsizlik kamaridan foydalanmaslik, qizil chiroqdan bo‘ysunmasdan o‘tish, ruxsatsiz tusi o‘zgartirilgan oyna o‘rnatish, transport vositalarini quvib o‘tish va boshqa bir qator qoidabuzarliklarni sodir etgan. Buning uchun jami 7 mln 900 ming so‘mdan ziyod jarimaga tortilgan.
"Beldersoyga bordim, bitta o‘zim o‘sha yoqda aroq ichdim, to‘rt kun turdim, beshinchi kun Toshketga qaytdim. Bundan maqsad do‘konimdan pul olish edi. O‘sha 7 yanvar kuni uyimga ketayotgandim, xodimlarning to‘xtatishiga qaramabman. Rostdan ichib, voobshe dupel bo‘lib qolibman. Ayb o‘zimda, men bo‘ynimga olaman buni. Aroq ichibman, pivo ichibman”, deydi haydovchi.
Xabarga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Yunusobod tuman prokuraturasi tomonidan joriy yilning 7 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zgatilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi