Qurol muomalasini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Nazorat IIVga o‘tyapti

Jamiyat 4037
image

Qurol va uning o‘q-dorilari muomalasini davlat tomonidan tartibga solish va nazoratni amalga oshirish funksiyalari Milliy gvardiyadan Ichki ishlar organlariga o‘tkaziladi. Bu haqda bugun, 28 aprel kuni senatorlar tomonidan ma’qullangan “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunda belgilangan. 

Qonun bilan amaldagi 2 ta kodeks va 6 ta qonunga o‘zgartishlar kiritish nazarda tutilmoqda. Jumladan:

•  O‘qotar bo‘lmagan qurol bilan qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lish yoki qurol muomalasi qoidalarini buzganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarliklar nazarda tutilmoqda;

•  O‘zbekiston fuqarolarining fuqaroviy ov qurolini va uning o‘q-dorilarini olish huquqiga ega bo‘lish uchun yosh senzi 25 yosh etib belgilanmoqda (amaldagi qonunchilikda yigirma bir yosh);

•  fuqaroviy qurol va uning o‘q-dorilarini hadya etilishini taqiqlash nazarda tutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston qonunchiligida so‘nggi bor qurollar to‘g‘risida o‘zgarish 2020 yilda kiritilgan. O‘shanda fuqarolar tomonidan jamoat joylarida, shahar, shahar atrofiga qatnovchi, shaharlararo va xalqaro transportda kasbiy yoki sport faoliyati yoxud maishiy maqsadlarda sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ochiq holda (g‘ilofsiz) olib yurish uchun jazo choralari belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasining Qurol to‘g‘risidagi qonuni 2019 yilning 27 iyulida imzolangan. Unda ilk bora fuqaroviy, xizmat va jangovar qurol tushunchalari kiritilib, qonun jihatidan ularning asosiy farqlari belgilab qo‘yilgan.

Yulduz Abdurashidova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 92
Reyting: 2.8
t
×