Qurilish vazirligi saytiga ISHID kiberhujum qilgani aytilmoqda
Jamiyat
−
26 mart
13017Ijtimoiy tarmoqlarda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining “Ulush kiritish asosida uy-joy qurish” milliy axborot tizimiga ISHID xakerlari buzib kirgani to‘g‘risida xabar tarqaldi.
“Sizning tizimingiz ISHID tomonidan buzilgan. Biz shu yerdamiz”, degan yozuv paydo bo‘lgan saytda.
Vazirlik mazkur holatga munosabat bildirdi va rasmiy saytga buzib kirilmaganini, faqatgina havolani o‘zgartirishga urinish bo‘lganini ma’lum qildi.
“Bugun, 26 mart kuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining mc.uz rasmiy saytidagi rd.mc.uz havolasiga xakerlar hujum qilishga harakat qilgan”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Ta’kidlanishicha, rasmiy sayt faoliyatida hech qanday uzilishlar bo‘lmagan. Biroq vazirlik xakerlar kim ekaniga aniqlik kiritmagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktyabr oyida Yoshlar siyosati va sport vazirligi sayti xakerlar hujumiga uchragandi.