Qo‘lqop mashmashasi. Avtobus va metroda qo‘lqop nega majburiy?

Intervyu

Xabaringiz bor, joriy yil 19 oktyabridan jamoat transportida turli yuqumli mavsumiy infeksiyalar tarqalishining oldini olish va yo‘lovchilar salomatligini asrash maqsadida Toshkent shahar jamoat transporti (avtobus, metro, yo‘nalishli taksi) xizmatidan foydalanganda yo‘lovchilarning tibbiy niqob va qo‘lqopda bo‘lish tartibi joriy etildi. Respublika maxsus komissiyasining ushbu qarori ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lgach, qo‘lqoplar bepul berilishi aytildi

Ushbu qarorning qabul qilinishiga tug‘ilgan ehtiyoj va uni amalga oshirishdan maqsad qanday? Bu haqda Transport vazirligi Matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov ma’lumot berdi. 

Ushbu videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin. 

Charos Shodmonqulova, muxbir: — Jamoat transportida qo‘lqop va niqob bilan yurish haqidagi birinchi xabar e’lon qilinganida, qo‘lqoplar pullik yoki bepul tarqatilishi haqida ma’lumotlar yo‘q edi. Ijtimoiy tarmoqda muhokama bo‘lganidan so‘ng esa bepul taqdim etilishi ochiqlandi. Nega boshidanoq bepul bo‘lishi aytib qo‘yilmadi?

Navro‘z Ashurmatov, Transport vazirligi Matbuot xizmati rahbari: — To‘g‘ri ta’kidlab o‘tdingiz Transport vazirligi tomonidan birinchi berilgan bayonotda qo‘lqoplarning pullik yoki bepul tarqatilishiga to‘xtalib o‘tilmagan edi. Ta’kidlash o‘rinliki, qo‘lqop taqib yurish tartibini joriy etishdan maqsad – uning nima ekanligini to‘g‘ri anglab yetishdir. Transport vazirligining asosiy maqsadi, yo‘lovchilarni Toshkent shahrida jamoat transportidan foydalanish vaqtida, turli kasalliklar, ayniqsa, pandemiya sharoitida koronavirusni yuqtirib olishlarining olidini olish ekanini alohida ta’kidlab o‘tmoqchimiz.


Agar e’tibor berib qaraydigan bo‘lsak, koronavirus infeksiyasi odamlarga havo tomchilari orqali, qolaversa, zararlangan yuzalar orqali yuqishi mutaxassislar tomonidan ta’kidlab kelinadi. Demak barchaga ma’lumki transport vositalari, ayniqsa, jamoat transportida, bir kunda necha minglab aholining foydalanishini hisobga olgan holda, avtobus va metro vagonlarida tutqichlarni zararlanish holati xavfi ancha yuqori bo‘ladi. Aynan mana shu chora orqali biz, yuqorida aytilgan xavfni, yo‘lovchilarning kasallanish va kasallikni yuqtirib olish havfini minimal darajaga tushirish va shahar jamoat transportida xavfsiz harakatlanishini tashkil etishni maqsad qilganmiz.

Ch.Sh.: — Jamoat transportida qo‘lqop taqish nega aynan poytaxtda joriy etildi?

N.A.: — Agar e’tibor berib qaraydigan bo‘lsak, ko‘plab davlatlarda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlarining ortishi kuzatilyapti. Vaziyatning barqarorligini ta’minlash maqsadida ko‘plab davlatlar qo‘shimcha shaxsiy sanitariya tartiblarini joriy etmoqda. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bugungi kunda yo‘lovchilarning yuqori oqimi Toshkent shahridagi jamoat transportlarida harakatlanadi. Aynan shu sababli birinchi navbatda bu tartib Toshkent shahrida joriy etilmoqda.

Ch.Sh.: — Komissiya nima uchun aynan mana shu qarorga keldi va bu qaysidir korxonaning o‘tmay qolgan mahsulotini o‘tkazish emasmi?

N.A.: — Qo‘lqoplar taqilishi joriy etilishi haqidagi xabarning e’lon qilinishi bilanoq, buning ortidan OAV va blogerlar tomonidan mavzuni turli-tuman ko‘rinishda talqin etish holatlari yuzaga keldi. Shu o‘rinda bir narsani aytish joiz: Respublika maxsus komissiyasi so‘nggi bayonotida ham jamoat joylaridan qo‘lqopda yurish tavsiya etilgan va bu majburiy etib belgilangan edi. 

Yaxshilab e’tibor berib qarasak, supermarketlarga kirganimizda ham qo‘lqoplar taqiladi. Bundan ko‘zlangan maqsad zararlanish xavfini kamaytirish. Bugungi kundagi vaziyatdan kelib chiqib, kasallikka chalinish sur’atlarining o‘sib borishi nuqtayi nazaridan, jamoat transportida ham qo‘shimcha tarzda aynan shu tartibni joriy etish maqsadga muvofiq deb ko‘rildi. Yuqorida ta’kidlaganimdek, fuqarolarimizning jamoat transportida kasallikni yuqtirib olish xavfini minimumga tushirish maqsad qilingan. Yana bir narsaga e’tibor qaratishingizni so‘rardim, bugungi kunda bir bemorning davolanishi uchun 25-30 mln, hatto undan ham ortiq mablag‘ sarflanmoqda. Bu kabi minimal profilaktik tadbirlar o‘tkazgan holda zararlantirishlar sonini kamayishiga erishishimiz mumkin 

Ch.Sh.: — Bugungi kunda jamoat transportida xizmat ko‘rsatayotgan xodimlarning o‘zlari qanchalik karantin qoidalariga amal qilishyapti?

N.A.: — Respublika maxsus komissiyasi tomonidan Transport vositalari uchun belgilangan tartiblar bor. Haydovchi va chiptachilar niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishlari belgilangan. Bundan tashqari, avtobus va mikroavtobuslar, yo‘nalishli taksilar ham ushbu qoidalarga rioya qilishi shart. Shuningdek metro vagonlarining doimiy ravishda dezinfeksiya qilinishi tartibi joriy qilingan. Hozirgi kunda tartiblarning barchasi amalda tashuvchilar tomonidan bajarib kelinmoqda.

Ch.Sh.: — Jamoat transportlari har bir reysdan so‘ng dezinfeksiya qilinishi belgilangan, ayrim hollarda shu ishlar amalga oshirilayotganini ko‘rmayapmiz. 

N.A.: — Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, jamoat transportlari, avtobus va mikroavtobuslar kunlik ish faoliyatini boshlashdan, avtobus saroylaridan chiqishdan avval to‘liq dezinfeksiya jarayonidan o‘tadi. Bundan tashqari har bir avtobus o‘z yo‘nalishi davomida, bitta reysni tugatganidan so‘ng, oxirgi shoh bekatlarida dezinfeksiya va tutqichlarni tozalash ishlari amalga oshiriladi. Bu inson omili bilan bog‘liq jarayon. Nazorat kuchaytirilgan. Agar dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmayotgani kabi holatlar kuzatilsa, transport vazirligining 1167 qisqa ishonch telefonlariga murojaat qilishsa bo‘ladi.

Ch.Sh.: — JSST niqob va qo‘lqopni samarasi past ekanini aytib o‘tgan. Bu borada O‘zbekiston qaysi tajribalarga asosan ushbu amaliyotni qo‘llash qaroriga kelgan?

N.A.: — E’tibor berib qaraydigan bo‘lsak, pandemiya boshlangandan buyon kasallikka chalinuvchilar oqimi, tibbiyot tashkilotlariga bo‘layotgan murojaatlar yuklamalarni kamaytirish maqsadida aksariyat davlatlarda qo‘lqop va niqobdan foydalanish tartibi joriy etilgan. JSSTning qo‘lqop va niqoblarning samarasi past degani, umuman foydalanish kerak, degani emas. Yana bir narsaga e’tibor berish kerak, qo‘lqop taqilgandan keyin, odam psixologiyasida qo‘lqop bilan yuzga tegish kerak emas degan fikr shakllanadi. Va o‘z-o‘zidan yuz, ko‘z, burunga tegilmaydi. Bu esa psixologik jihatdan o‘zimizni kasallikdan saqlashga olib keladi. Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, odam bir soat davomida 20 marotaba yuz qismiga qo‘li bilan tegar ekan. Qo‘lqoplar va tibbiy niqoblardan to‘g‘ri foydalanganda, ularning samarasi bo‘ladi.

Ch.Sh.: — Virus yuzalarda saqlanadi. Kun davomida transport bekatlarida qo‘lqoplarning sochilib yotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Ularning utilizatsiyasi qanday amalga oshirilyapti?

N.A.: — To‘g‘ri ta’kidlab o‘tingiz, bir ikki kun davomida qo‘lqoplarni taqish tartibi joriy etilishi ortidan, ayrim metro va avtobus bekatlari atrofida o‘rnatilgan chiqindi qutilar to‘lib ketganiga guvoh bo‘ldik. Bugungi kunda aynan shu masalani hal etish maqsadida har bir metro bekatlariga tushish joylarida katta hajmda chiqindi qutilarini o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda. Yana shuni qayd etish lozimki, gigiyenik vositalardan foydalanayotgan har bir fuqaro ulardan foydalangandan so‘ng, chiqindi qutilariga tashlashi kerak. Inson ongli mavjudot, bir chiqindi qutisi to‘lgan bo‘lsa, uni ustiga emas, balki sal uzoqda turgan qutiga solishi maqsadga muvofiq. 


Maqola muallifi

Teglar

Navro'z Ashurmatov Charos Shodmonova Qo'lqop

Baholaganlar

57

Reyting

3.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar