Qo‘l telefonini hammomga olib kirgan qiz vafot etdi
Olam
−
23 Sentabr 2023
21506Rossiyaning Rostov viloyati Novocherkassk shahrida yashovchi 13 yoshli o‘smir hammomda telefon orqali gaplashayotgan vaqtida vafot etdi. Bu haqda “Rostov” nashri xabar berdi.
Viloyat huquq-tartibot idoralarining bildirishicha, holat 21 sentyabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yettinchi sinf o‘quvchisi cho‘milishga o‘zi bilan smartfonini olib kirgan. U gadjetni quvvatga ulagan va bir vaqtning o‘zida qo‘l telefoni orqali suhbatlashgan.
Aniqlanishicha, qurilma vannaga tushib ketgan, suvning ichida bo‘lgan qiz esa tok urishidan vafot etgan.
“Suv yaxshi elektr o‘tkazuvchi hisoblanadi. 220 volt esa juda katta kuchlanish: tok urishi oqibatida yurak to‘xtab qolishi mumkin. Shuning uchun yuvinish xonasiga elektr jihozlarini olib kirmaslikni tavsiya etamiz”, deydi 15 yillik tajribaga ega rostovlik elektrik.
Tergov qo‘mitasi viloyat boshqarmasining izoh berishicha, qiz o‘sha vaqtda quvvatlanayotgan telefonini suvga tushirib yuborgan.
“Ushbu fakt yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Hozirda ushbu holatga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlagan. Voqea sodir bo‘lgan barcha jarayonlarni aniqlashga qaratilgan tekshiruvlar o‘tkazilyapti”, deyiladi departament xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda ham Yoqutistonning Lensk shahridagi 14 yoshli maktab o‘quvchisi hammomda qo‘l telefonini quvvatlash vaqtida vafot etgandi.
LiveBarchasi