Qo‘l ko‘p terlashini bartaraf etish usullari

Salomatlik

image

Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, qo‘l terlashini davolash tashqi ta’siru vositalar orqali amalga oshirilishi qiyin. Buning uchun avvalo inson ruhiyatini davolash talab etiladi. Agarda inson qo‘rquv va hayajonini o‘z vaqtida jilovlay olsa, kaftlar terlashidan xalos bo‘la oladi.

Xalq tabobatida ham qo‘lning terlashiga qarshi turli choralar mavjud. Masalan, kuniga ikki mahal qo‘llarni sirka eritmasi bilan yuvish yoki limon sharbati surtish foyda beradi. Shuningdek, eman daraxti po‘stlog‘i, marvarak (shalfey), kalendula, qoncho‘p (chistotel) va boshqa dorivor giyohlar damlamasidan foydalanish mumkin. Olma sirkasi, achchiqtosh, salitsil kislotasi yoki kamforali spirt ham qo‘l terlashidan yordam beradi.

Shifokorlar esa kaftlar terlashiga qarshi turli dori vositalarini tavsiya etadilar… Masalan, formalin yoki tanin eritmasi, alyumin geksaxlorid yoki glutaraldegid singari preparatlarni yozib berishlari mumkin. Biroq unutmaslik kerakki, bunday vositalar qo‘l terlashini vaqtinchaga to‘xtatishi, qisman kamaytiradi. Aks ta’sir ko‘rsatganda kaftlarda turli allergik asoratlarni keltirib chiqaradi ham.

So‘nggi vaqtlarda shifoxonalarda mazkur muammoga qarshi jarrohlik amaliyotlari ham o‘tkazilmoqda. Masalan, simpatektomiya yoki ter bezlariga boruvchi simpatik asab tolalarini kesish amaliyoti mavjud. 95 foiz holatda bu ijobiy samara beradi. Biroq ayrim bemorlarda bu tananing boshqa a’zolari terlashini oshirib yuborishi ham ehtimoldan holi emas.

Shuningdek, ayrim mamlakatlarda botoks dori vositasi yordamida kaft terlashiga qarshi kurashilmoqda. Organizmga igna orqali yuboriluvchi mazkur preparat kaft terisidagi ter bezlariga borayotgan asab impulslari tartibini buzib yuboradi. Natijada ter ajralib chiqishi to‘xtaydi. Bitta botoks in’’eksiyasi olti oygacha ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shundan so‘ng kaft terlashi yana davom etadi.

Qo‘llarni tez-tez yuving va sochiq bilan yaxshilab arting. Qo‘l uchun mo‘ljallangan spirtli antiseptik vositalarni doimo o‘zingiz bilan olib yuring, yoningizda ro‘molcha va quruq salfetkalar bo‘lsin.

Terlashga olib keladigan buyumlarni qo‘lingizda ko‘tarib yurmang, kaft terisiga havo o‘tkazmaydigan qo‘lqop va boshqalardan zaruratsiz foydalanmang.

Muhim uchrashuvlardan oldin asablaringizni tinchlantirib oling. Buning uchun qo‘l terlashiga asosan asabiylashish sabab bo‘lishi haqida o‘ylang, ko‘zlaringizni yumib, uch-to‘rt marotaba chuqur nafas oling.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

576

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing