“Qo‘g‘irchoqbozning kimligini yaxshi bilamiz”. Erdo‘g‘an davlat to‘ntarishi haqidagi xabarlarga izoh berdi
Olam
−
15 may
10141Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rishda ayblanayotgan huquq-tartibot idoralari xodimlari ustidan olib borilayotgan tergovga izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar taxmin qilinayotgan fitna ortida kim turganidan yaxshi xabardor. Bu haqda “En Son Haber” xabar berdi.
Erdo‘g‘an bu mavzuni hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ko‘tardi.
“Biz qo‘g‘irchoqbozni ham, bu spektaklni yozganni ham yaxshi bilamiz”, degan Prezident.
Lekin Erdo‘g‘an boshqa ma’lumotlarni ochiqlamadi. U Turkiya “bu tuzoqqa tushmasligini” ta’kidladi va qonundan tashqariga chiqqan har bir kishi javobgarlikka tortilishiga va’da berdi.
Turkiya OAVlari kecha, 14 may kuni ish doirasida faoliyati to‘xtatilgan bir necha politsiyachining turar joylarida tintuvlar o‘tkazilganini yozdi. Ular “Ayhan Bora Kaplan” jinoiy guruhiga aloqadorlikda ayblanmoqda. Shu fonda Turkiya ichki ishlar organlarida ommaviy ishdan bo‘shatishlar sodir bo‘ldi. Turk millatchi partiyasi yetakchisi Devlet Baxchelining aytishicha, gap 2016 yildagi voqealarga o‘xshash davlat to‘ntarishiga urinish haqida ketmoqda.
Ma’lumot uchun, 2016 yilda Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lib, bir necha soat ichida bostirilgan. Mamlakat bo‘ylab to‘qnashuvlar oqibatida 241 kishi halok bo‘lgan, 2 mingdan ortiq kishi tan jarohati olgan. Turkiyada davlat to‘ntarishini tashkillashtirish va unga aloqadorlikda gumonlanib 40 mingdan ortiq odam hibsga olingan. Mamlakatda bir necha oy davomida favqulodda holat joriy etilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Erdo‘g‘an razvedka va Adliya vazirligi rahbarlari bilan favqulodda yig‘ilish o‘tkazgani ma’lum qilingandi.
LiveBarchasi