Quddus va G‘azoda bolalar emas, balki insoniylikning o‘zi o‘lmoqda — Erdo‘g‘an

Olam

image
Erdo‘g‘an Baydenga: “Qonli qo‘llaringiz bilan tarix yozyapsiz” north_east

Erdo‘g‘an Baydenga: “Qonli qo‘llaringiz bilan tarix yozyapsiz”

Bugungi kunda Falastin zaminida davom etayotgan zo‘ravonliklar oqibatida faqat falastinliklar emas, balki insoniylik o‘ldirilmoqda. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 19 may kuni mamlakat poytaxti Anqarada bo‘lib o‘tgan sport telekanalining taqdimot marosimida aytib o‘tdi.

Bugungi marosimda Erdo‘g‘an Turkiya mintaqadagi vaziyatga ham befarq qarab turolmasligini ta’kidladi.

“Aholisi asrlar davomida ajdodlarimiz himoyasi ostida tinchlik va totuvlikda yashab kelgan ko‘plab mamlakatlarda bugun nafrat, zo‘ravonlik va mojaro hukmronlik qilmoqda”, deydi Erdo‘g‘an.

Minbarda turgan Turkiya Prezidenti bir qator mamlakatlarning e’tiborini Anqaraning Yaqin Sharqdagi vaziyatga nisbatan munosabatiga qaratgan.

“Erdo‘g‘an bunday gapirmasligi kerak, deyishadi. Nima qilishim kerak? Qarsaklar chalaymi? Turkiya zo‘ravonlikni ko‘rgan har bir mintaqada ovozini ko‘taradi”, deydi Prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun Falastinda butun dunyo hamjamiyati oldida yuzlab tinch aholi vakillari o‘ldirilmoqda. Ularning aksariyatini ayollar va bolalar tashkil qiladi. Bundan tashqari, so‘nggi turdagi qurollar qotillik vositasi sifatida ishlatilmoqda.

“Quddus va G‘azoda bolalar emas, balki insoniylikning o‘zi o‘lmoqda! Isroilning begunoh falastinliklarga qarshi zo‘ravonliklariga ko‘z yumayotganlar aslida o‘z mamlakatlarida fojia uchun zamin yaratmoqda. Agar bugun Quddusdagi fojialarga jim qarab tursak, ertaga biz uchun muqaddas hisoblanadigan boshqa shaharlar ham shunday bo‘ladi”, deydi Prezident.

Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, o‘zlarini demokratiya, inson huquqlari, adolat va xavfsizlik tarafdori sifatida tutgan mamlakatlar hamda xalqaro tashkilotlar bugun Falastindagi qonunbuzarliklarni jimgina kuzatmoqda.

Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, eng kuchlini har doim haq deb hisoblash tubdan noto‘g‘ri yondashuvdir. 

“Turkiya adolat kimning tomonida bo‘lsa, o‘sha kuchli bo‘lgan dunyo tartibini shakllantirish uchun barcha sa’y-harakatlarni qilmoqda. Agar shafqatsizlikka qarshi turish va mazlumlarni himoya qilish uchun qandaydir haq to‘lash kerak bo‘lsa, Turkiya buni ikkilanmasdan qilishga tayyor. Ko‘rinib turibdiki, agar bugun tarix tomonidan bizga yuklatilgan vazifalarni bajarmaydigan bo‘lsak, bizning yerlarimizga da’vo qilganlar bundan ham battarroq bezbetlikni namoyon etadi”, deydi Erdo‘g‘an.

Erdo‘g‘an Falastin davlatining inqroziga birinchi marta to‘xtalayotgani yo‘q. Erdo‘g‘an ushbu masalada faol: bir qator islomiy davlatlar rahbarlari bilan Isroilning xatti-harakatlarini muhokama qildi, Armanistonga qarshi urushda Turkiya Ozarbayjonni qanday qo‘llagan bo‘lsa, Isroilga qarshi kurashda Falastinni ham shunday qo‘llashini ma’lum qildi

Turkiya rahbari bunday avval ham jahon hamjamiyatining e’tiborini ushbu mavzuga qaratgan. Jumladan, 2019 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 74-majlisida Erdo‘g‘an nutq so‘zlab, Isroilning Falastinni butunlay egallab olayotgani, BMT esa bunga tomoshabin bo‘lib turganini qoraladi. O‘shanda Erdo‘g‘an minbarga Isroil va Falastin tuproqlari aks etgan xarita bilan chiqqan. Undagi to‘rt suratda 1948 yil – Isroil davlati tashkil topgandan buyon Falastin yerlarini qanchalik egallab borayotgani tasvirlangan edi.

Isroil-Falastin mojarosining keskinlashishi

Joriy yilning 7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan falastinlik arablar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilingani sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqardi. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi. 

Shundan so‘ng, G‘azoni nazorat qiluvchi falastinliklarning HAMAS harakati Isroilni ogohlantirdi: Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi va Shayx Jarroh mahallasidan askarlarni olib chiqib ketish uchun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 gacha muddat qo‘ydi.

Shart bajarilmagach, 10 may kuni ushbu harakat Isroilning bir qator shaharlarini 45 ta raketa bilan o‘qqa tutdi. Biroq Isroilning havo hujumiga qarshi “Temir gumbaz” mudofaa tizimi ushbu 45 raketaning katta qismini osmonning o‘zida zararsizlantirdi. Ba’zilari esa aholi yashash punktiga tushdi. Vaqt o‘tishi va ikki o‘rtadagi ziddiyat ortib borishi bilan bu ssenariy ko‘p marta takrorlandi. HAMAS raketa uchiraverdi, Isroil uning katta qismini zararsizlantirib, qarshi hujum bilan javob qaytaraverdi.

Isroil sudining birgina qarori va masjidga qilingan hujum shunday shiddatli harbiy harakatlarni keltirib chiqardi. Oqibatda esa G‘azo sektorida yashovchi 126 arab halok bo‘ldi, 1000 ga yaqin jarohat oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

163

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing