Qozog‘istonning 14 hududida terrorchilik xavfining “qizil” darajasi bekor qilindi
Olam
−
13 yanvar 2022 3255 1 daqiqa
Qozog‘istonning 14 viloyatida, jumladan, poytaxtda terrorchilik xavfining qizil darajasi bekor qilindi. Bu haqda mamlakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.
“Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Respublika operativ shtabi Nur-Sulton, Chimkent, Aqmola, Oqtobe, Atirau shaharlari, Sharqiy Qozog‘iston, G‘arbiy Qozog‘iston, Qarag‘anda, Qizilo‘rda, Qo‘stanay, Mang‘istau, Pavlodar, Shimoliy Qozog‘iston va Turkiston viloyatlari hududida aksilterror operatsiyasi yakunlangani va terrorchilik xavfining “qizil” darajasi bekor qilingani haqida xabar beradi”, deya tushuntirgan Milliy xavfsizlik qo‘mitasida.
Qayd etilishiicha, Olma-Ota shahri, Olma-Ota va Jambil viloyatlarida “ommaviy tartibsizliklar davrida terrorchilar va boshqa jinoiy harakatlarga aloqador shaxslarni aniqlash va qo‘lga olish” choralari ko‘rilmoqda.
“Shunday qilib, ushbu hududlarda aksilterror operatsiyasi davom ettirildi, terrorchilik xavfining kritik “qizil” darajasi saqlanib qolmoqda”, deyiladi xabarda.
Qozog‘istonda 5 yanvar kuni butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etilgandi. Kecha, 12 yanvar kuni barqaror vaziyat tufayli G‘arbiy Qozog‘iston va Pavlodar viloyatlarida favqulodda holat bekor qilindi. Shuningdek, 5 yanvardan 19 yanvargacha soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘lishi aytilgandi. Faqatgina Olma-ota viloyatida operativ vaziyat yaxshilangani hisobga olinib, kecha 12 yanvardan harakatlanishga qo‘yilgan cheklov bekor qilindi.
Live
Barchasi